
Tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi
Endi rahbarlar menejerlikka o‘qigan, yaxshi natijalar ko‘rsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, integratsiyalashgan tizim joriy qilinishini aytdi.
Ma’lum qilinishicha, bosh shifokorlar hududidagi kasalliklarning turi va dinamikasiga qarab, markazlarga buyurtma beradi. Bunda nafaqat davolash usullari, balki kasalliklarning oldini olish, shifokorlarning malakasini oshirish kabi aniq masalalarni qo‘yadi.
Shuningdek, yangi yildan aniq mezonlarni belgilab, 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlarini lavozimga qo‘yishda yangi tartib joriy qilinadi. Bunda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka o‘qigan, yaxshi natijalar ko‘rsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.
Bundan tashqari, endilikda viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallada o‘tkaziladi.
“Shunda xalq bilan muloqot paydo bo‘ladi, odamlarimiz bundan rozi bo‘ladi, tibbiyot tizimiga xolis bahoni o‘zi beradi”, – dedi Prezident.





