add

Tirik qoramol, qo‘y va echkilar importida QQS to‘lashni 6 oygacha kechiktirish mumkin bo‘ladi

Bugun 11:032802

Prezidentning tegishli qarori bilan chorvachilik yanada rivojlantiriladi. Bunda bir qator yengillik va imtiyozlar berilishi nazarda tutilgan.

Tirik qoramol, qo‘y va echkilar importida QQS to‘lashni 6 oygacha kechiktirish mumkin bo‘ladi

31 oktyabrda «Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–322-sonli prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Ushbu qarorga ko‘ra, chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibining amal qilish muddati 2030 yil 31 dekabrgacha uzaytiriladi.

Nasldor 1 kunlik jo‘jalar importi uchun belgilangan subsidiya 2026 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan go‘sht yo‘nalishida ushbu nasldor bir kunlik jo‘jalar xarid qilinganda ajratiladi.

2026 yil 1 yanvardan 2027 yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol (TIF TN bo‘yicha kodi 0102) va tirik qo‘y va echkilarni (TIF TN bo‘yicha kodi 0104) import qilishda hisoblangan QQSni 180 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. Shuningdek, to‘langan QQSning o‘rnini qoplash (qaytarib berish) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

2026 yil 1 yanvardan veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati 2 baravar qisqartirilgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun elektron onlayn auksion savdolari orqali yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini sotib olish to‘lovlarini 5 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Vaqt.uz avvalroq mikrobiolog olim va adib Baxtiyor Abdug‘afurning dehqonchilik va chorvachilik haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Tirik qoramol, qo‘y va echkilar importida QQS to‘lashni 6 oygacha kechiktirish mumkin bo‘ladi | Vaqt.uz