Logo

Tojikiston 73,5 million dollarlik paxta tolasini eksport qildi

Eron asosiy xaridor bo‘ldi. 1,1 foizini O‘zbekiston sotib oldi.

Tojikiston 73,5 million dollarlik paxta tolasini eksport qildi © Javhar Chorshanbiyeva

2026-yilning dastlabki olti oyida Tojikiston 73,5 million dollarlik paxta tolasini eksport qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,9 million dollarga ko‘p. Bu haqda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tojikiston hukumati huzuridagi Eksport agentligi direktori Bahriddin Sirojiddinzoda ma’lum qildi.

Eron Tojikiston paxta tolasi uchun asosiy bozorga aylandi va yetkazib berishning 61,8 foizini tashkil etdi. Eksport qilingan tolaning 25,5 foizi Turkiya, 8 foizi Xitoy, 3 foizi Rossiya, 1,1 foizi O‘zbekiston, 0,4 foizi Latviya va 0,2 foizi Birlashgan Arab Amirliklari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Sirojiddinzoda Eksport agentligining paxta bozoridagi faoliyati haqida alohida to‘xtaldi.

«Joriy yilning birinchi yarmida agentlik o‘z resurslaridan foydalangan holda va davlat budjeti mablag‘larini jalb qilmasdan, 392,6 million somoniy (42,5 million dollar) qiymatidagi 26,3 ming tonna paxta tolasini sotib oldi va eksport qildi», — dedi u.

Paxta yetishtirish uchun imtiyozli moliyalashtirish

Agentlik direktorining so‘zlariga ko‘ra, paxta yetishtirish va qayta ishlash sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Hisobot davrida Eksport agentligi paxtachilik sanoati va paxtani sanoat yo‘li bilan qayta ishlashni rag‘batlantirish uchun imtiyozli moliyalashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi», — dedi Sirojiddinzoda.

Uning xabar berishicha, agentlik Islom taraqqiyot bankining Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatgan va u bilan 2026-yil 16-may kuni Bokuda paxta sanoati bo‘yicha bitim imzolangan. Ushbu mablag‘ fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va ular yetishtirgan paxtani sotib olishni kafolatlash uchun sarflanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda paxta va g‘alla maydonlari qisqarishi, yerlarning yarmi chorva ozuqasiga ajratilishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid