add

Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi

Bugun 16:153552 daqiqa

Hodisa oqibatida ikki tojik chegarachisi va uch afg‘on jangarisi halok bo‘lgan.

Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi

Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi davlat chegarasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Oqibatda Tojikiston chegara qo‘shinlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, afg‘on tomondan esa uch nafar jangari yo‘q qilingan. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot xizmati bayonotiga tayanib, «Xovar» agentligi xabar qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jangarilar 23-dekabr kuni soat 23:30 atrofida Afg‘oniston hududidan Tojikiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. 24-dekabr kuni soat 11:15 da o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ularning joylashgan manzili aniqlangan. Chegarachilar tomonidan taslim bo‘lish talabi qo‘yilganiga qaramasdan, guruh qurolli qarshilik ko‘rsatgan.

Qo‘mita bayonotida ta’kidlanishicha, jangovar operatsiya natijasida uch nafar terrorchi zararsizlantirilgan. Voqea joyidan M-16 rusumli o‘qotar qurollar, Kalashnikov avtomati, xorijda ishlab chiqarilgan glushitelli to‘pponcha, qo‘l granatalari, tungi ko‘rish moslamasi, portlovchi moddalar hamda boshqa harbiy anjomlar musodara qilingan.

«So‘nggi bir oy ichida bu qurolli hujum, terrorchilik harakati sodir etish va davlat chegarasini Afg‘oniston hududidan Tojikiston hududiga noqonuniy kesib o‘tish bilan bog‘liq uchinchi holat bo‘lib, tinch aholi va harbiy xizmatchilar halok bo‘ldi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Bayonotda qayd etilishicha, so‘nggi bir oy ichida sodir etilgan shunday hujumlar natijasida tinch aholi va harbiy xizmatchilar qurbon bo‘lgan.

Rasmiy Dushanbe Tolibon hukumatini chegara xavfsizligini ta’minlash borasida xalqaro majburiyatlarni bajarmayotganlikda aybladi. Shuningdek, ularning terroristik guruhlar faoliyatiga qarshi samarali choralar ko‘rishda qobiliyatsizlik va takroriy mas’uliyatsizlik ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Tojikiston tomoni Afg‘oniston bilan chegarada barqarorlikni ta’minlash maqsadida «qo‘shimcha ta’sirchan choralar» ko‘rilishiga umid bildirib, xavfsizlik masalasidagi tahdidlar saqlanib qolayotganini ochiq bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid