Tojikiston eksporti yarim yilda qariyb 1,6 mlrd dollarga yetdi
Mamlakat o‘z mahsulotlarini asosan Xitoy, Turkiya, O‘zbekiston, Belgiya va Shveysariyaga sotdi.

2026-yilning birinchi yarmida Tojikiston eksportining hajmi qariyb 1,6 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 623 million dollarga yoki 65,3 foizga oshgan. Bu haqda Tojikiston Eksport agentligi ma’lum qildi.
Yanvar–iyun oylarida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 38,3 foizga o‘sib, 4,38 milliard dollarga yetdi. Tojikiston mahsulotlari 44 ta davlatga, asosan Xitoy, Turkiya, O‘zbekiston, Belgiya va Shveysariyaga eksport qilindi.
Eksport tarkibining asosiy qismini sanoat mahsulotlari tashkil etdi. Ularning hajmi qariyb 1,5 milliard dollarga yetib, 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan 67 foizga oshdi.
Sanoat mahsulotlari orasida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar 513,8 million dollar, rudalar va konsentratlar 385,8 million dollar, paxta tolasi 61,9 million dollarni tashkil etdi.
Shuningdek, eksport qilinayotgan asosiy sanoat mahsulotlari qatoridan un va un mahsulotlari, gilamlar, mashina va uskunalar, neft mahsulotlari, kimyo hamda farmatsevtika mahsulotlari, surma va undan tayyorlangan mahsulotlar, shuningdek, transport vositalari uchun ehtiyot qismlar ham o‘rin oldi.
2026-yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 40,5 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,7 foizga oshdi.





