add

Tojikiston O‘zbekistondan elektr energiyasi olishni boshladi

Kecha 22:583362 daqiqa

Hozirda Tojikistonga har sutkada 2 mln kWhʼgacha elektr energiyasi yetkazib berilmoqda va O‘zbekiston imkoniyatlari oshsa, bu hajm oshirilishi kutilmoqda.

Tojikiston O‘zbekistondan elektr energiyasi olishni boshladi

Tojikistonda elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar qo‘shni O‘zbekistondan boshlangan yetkazib berishlar hisobiga ma’lum darajada yaxshilandi. Bu haqda mamlakat Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lum qildi.

Hozir Tojikistonga har sutkada 2 mln kWhʼgacha elektr energiyasi yetkazib berilmoqda va O‘zbekiston imkoniyatlari oshsa, bu hajm oshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqaviy energetika tizimini tiklash doirasida Qozog‘iston va Turkmanistondan ham elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligining Asia-Plus nashriga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bilan hamkorlik natijasida mamlakatdagi energiya tanqisligi holati biroz yengillashgan. Qozog‘iston va Turkmaniston bilan ham vazirlar darajasida dastlabki kelishuvlar mavjud bo‘lib, hozirda bu mamlakatlardan yetkazib berishni amalga oshirish uchun texnik masalalar hal qilinmoqda. Tojikiston janubi-g‘arbdagi tashqi bozorlarga faqat O‘zbekistonning «Regar-G‘uzor» 500 kW elektr uzatish tarmog‘i orqali chiqish imkoniyatiga ega.

Turkmaniston va Qozog‘iston elektr energiyasining tranzitini ta’minlash uchun O‘zbekiston energetika tizimining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini hisobga olgan holda masalalarni kelishib olish zarur. Vazirlik Tojikistonning energetika tizimi Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimiga (MOBET) to‘laqonli parallel ishga tushishi respublika shimoliy tarmoqlari mintaqaviy «energetika halqasi»ga qo‘shilgandan keyingina amalga oshishini ta’kidladi. Tojikistonning MOBETga to‘liq ulanishi 2026 yilning birinchi choragida kutilmoqda.

MOBET doirasidagi parallel ish jarayoni mintaqadagi barcha elektr stansiyalari ishlab chiqargan energiyani yagona tarmoqqa uzatishni anglatadi. Natijada, tizim ishtirokchilari bo‘lgan mamlakatlarning har bir ulangan iste’molchisi umumiy «qozon»dan o‘ziga kerakli miqdorda energiya olishi mumkin bo‘ladi. Tanqislik yuzaga kelganda esa, faqatgina «birinchi darajali muhimlik» toifasiga kirmaydigan iste’molchilarning bir qismini tarmoqdan uzish yagona yechim hisoblanadi. Tizim Toshkentdagi dispetcherlik markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Tojikistonda energiya ta’minotidagi vaziyat ozroq yaxshilanishiga, shuningdek, so‘nggi kunlardagi yog‘ingarchilik ham o‘z hissasini qo‘shgan. Mamlakatning asosiy gidroelektr stansiyalari joylashgan Vaxsh daryosiga suv oqimi sezilarli darajada oshgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlardagi sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 54 mln kWhʼdan oshgan. Bundan oldin bu ko‘rsatkich 44 mln kWhʼgacha tushib ketgan edi.

Ayni paytda Norak suv omboridagi suv sathi 902 metr atrofida bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 metrdan ko‘proq past demakdir. Bu yil suv ombori resurslaridan foydalanish Vaxsh daryosida suv oqimi kamayishi tufayli sentabr oyidayoq boshlangan. Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda elektr energiyasi yetkazib berishga cheklovlar sentabr oyining oxirgi o‘n kunligidan beri amal qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid