Tojikiston prezidenti O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi

Tashrif doirasida strategik sheriklikni kuchaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalari muhokama qilinadi.

Tojikiston prezidenti O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 26–27-mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi. Tashrif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan amalga oshiriladi.

Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, ikki davlat yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim masalalar ko‘rib chiqiladi.

Xususan, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini chuqurlashtirish, strategik sheriklik va ittifoqchilikni rivojlantirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, siyosiy muloqotni kuchaytirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlash masalalari ham kun tartibidan joy olgan.

Iqtisodiy sohada savdo aylanmasini oshirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda transport bog‘liqligini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, suv va energetika xavfsizligini ta’minlash, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish ham muhokama markazida bo‘ladi.

Muzokaralar davomida davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi. Shu bilan birga, ko‘p tomonlama formatlardagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha qator yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid