
Toshkent Parij bilan fuqarolik aviatsiyasida hamkorlik qiladi
Shavkat Mirziyoyev Fransiya Transport vazirini qabul qildi.

Kecha, 27-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha investorlar forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Fransiya Transport vaziri Filipp Tabaroni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
«Joriy yil mart oyida Parijga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, ayniqsa, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi», - deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuvda fuqarolik aviatsiyasida aloqalarni kengaytirish, transport sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, shu jumladan, yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston – Fransiya universiteti imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.





