Toshkent — Samarqand pulli yo‘lini quradigan kompaniya nomi ma’lum qilindi
Toshkent — Samarqand o‘rtasida quriladigan qariyb 2,2 mlrd dollarlik pulli avtomagistral loyihasi pudratchisi ma’lum bo‘ldi. Yangi trassani 2030-yilgacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
© businessdailyafrica.comToshkent — Samarqand yangi pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha xalqaro tenderda Xitoyning «China Overseas Engineering Construction» («COVEC») kompaniyasi g‘olib deb topildi.
Shu tariqa, avvalroq rasmiylar faqat Xitoy kompaniyasi tanlanganini bildirgan bo‘lsa, endi pudratchining nomi ham rasman ochiqlandi.
«COVEC» prezidenti Van Kun kompaniyaga bildirilgan ishonch uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur avtomagistral nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo transport infratuzilmasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi.
«O‘zbekiston ushbu tarixiy va yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirishni bizga ishonib topshirgani biz uchun katta quvonch va sharafdir», — dedi Van Kun «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari mehnat xavfsizligi, yuqori sifat standartlari va atrof-muhitni muhofaza qilish talablari asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihada zamonaviy muhandislik yechimlari va «yashil» qurilish texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Tanlov qanday o‘tdi?
Ma’lum bo‘lishicha, loyiha 2025 yil may oyida Xitoyning yirik qurilish va investitsiya kompaniyalariga taqdim etilgan. Keyinchalik O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chog‘ida 15 ta potensial investor va pudratchi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Yakuniy bosqichda to‘rtta yirik kompaniya — «China State Construction Engineering Corporation» (CSCEC), «China Road and Bridge Corporation» (CRBC), «China Overseas Engineering Construction» (COVEC) hamda «China Railway 20th Bureau Group» (CRCC) loyihaga qiziqish bildirgan.
Tender yakuniga ko‘ra, aynan «COVEC» eng maqbul taklif bilan g‘olib deb topildi. May oyi oxirida tenderda Xitoy kompaniyasi g‘olib chiqqanligi haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, uning nomi shu vaqtgacha oshkor etilmagan edi.
«COVEC» haqida
1987 yilda tashkil etilgan «COVEC» «China Railway Group» tarkibiga kiradi. Kompaniya xalqaro infratuzilma qurilishiga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda 88 mamlakatda faoliyat yuritadi. U avtomobil yo‘llari, tunnellar, ko‘priklar, temir yo‘llar va boshqa yirik muhandislik inshootlarini barpo etish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Kompaniya Nepal, Marokash, Sharqiy Timor, Gabon, Madagaskar va Botsvana kabi davlatlarda qator yirik infratuzilma obyektlarini amalga oshirgan. Shu bilan birga, u Polshadagi A2 avtomagistrali qurilishida ishtirok etgan, biroq loyiha qiymati keskin oshib ketgani sababli mazkur shartnoma keyinchalik bekor qilingan.
Loyiha nimani o‘zgartiradi?
Qiymati qariyb 2,2 mlrd dollarga baholanayotgan Toshkent — Samarqand pulli avtomagistrali 282 kilometr uzunlikdagi olti tasmali zamonaviy trassadan iborat bo‘ladi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich hamda tunnel turidagi 60 ta o‘tish inshooti quriladi.
Yangi avtomagistral Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi halqa yo‘lidan boshlanadi. Uni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish, birinchi navbatda Toshkent — Sirdaryo uchastkasida harakatni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Trassa to‘liq 2030 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Loyiha amalga oshgach, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi safar vaqti besh soatdan taxminan ikki yarim soatgacha qisqaradi. Tekis uchastkalarda ruxsat etilgan tezlik soatiga 150 kilometrgacha bo‘ladi. Magistralning o‘tkazuvchanlik quvvati kuniga 60–80 mingta avtomobilga yetishi, yuk tashish xarajatlari esa 20–24 foizga qisqarishi prognoz qilinmoqda.
Avvalroq e’lon qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning 85 foizini, ya’ni 1,857 mlrd dollarni Xitoy banklari moliyalashtiradi. Qolgan 328 mln dollar O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Yo‘ldan foydalanish tariflari esa investorlar bilan muzokaralar yakuniga ko‘ra, aholining to‘lov qobiliyati inobatga olingan holda belgilanishi kutilmoqda.





