
Toshkent shahri va viloyatida giyohvandlikka oid jinoyatlar fosh etildi
Ijaraga olgan xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilib, kuchli ta’sir qiluvchi dori tayyorlaydiganlar qo‘lga olindi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyati fosh etildi.
Xususan, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yashnobod tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan va muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs hamda Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 2006 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olindi. Ulardan 507 dona «Pregabalin» va 52 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxslar tomonidan ijaraga olingan xonadon ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv natijasida mazkur manzilda qo‘lbola narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi. U yerdan 4 kilogramm 326 gramm kukun ko‘rinishidagi «Pregabalin», 200 gramm «Tropikamid», shuningdek, 71 kilogramm turli kimyoviy moddalar hamda qadoqlash uchun mo‘ljallangan flakon va kapsulalar musodara qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jinoiy guruh kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni sotishga ulgurmasdan qo‘lga olingan. Natijada taxminan 208 ming dona bir martalik doza aholi orasida tarqalishining oldi olindi. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Tojikistondan olib kirilgan 30 kilogrammdan ortiq «opiy» moddasi to‘xtatib qolindi. Avtomashinaning yoqilg‘i bakida yashirilgan giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi va ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.





