add

Toshkent viloyatida X–XI asrga oid devoriy suratlar topildi

Bugun 09:531381

Ushbu topilmalar Toshkent vohasida o‘rta asrlarda devoriy suratchilik maktabi mavjud bo‘lganini isbotlaydi.

Toshkent viloyatida X–XI asrga oid devoriy suratlar topildi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi Qanqa shahristonida olib borilayotgan qazishmalar davomida X–XI asrlarga oid devoriy suratlar aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti xabar qildi.

Qayd etilishicha, institut arxeologlari tomonidan Toshkent viloyati hokimligi homiyligida olib borilayotgan arxeologik qazishmalar davomida yangi topilma aniqlandi — milodiy X–XI asrlarga oid devoriy suratlar.

Suratlar qadimgi Qanqa shahri shahristonida joylashgan katta karvonsaroyning devorlaridan topilgan. Qadimgi shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr uzoqlikda joylashgan karvonsaroyning o‘lchami taxminan 100×70 metr bo‘lib, u me’moriy jihatdan yirik inshoot hisoblanadi.

Qazishma ishlari chog‘ida xonalar devoridan qulab tushgan surat bo‘laklari 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr o‘lchamlarda ekani aniqlangan. Bu esa karvonsaroy xonalari devoriy bezaklar bilan boy tarzda bezatilganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlanishicha, mazkur topilma arablar bosqinidan keyin ma’lum vaqt yo‘qolib ketgan devoriy bezak san’ati Toshkent hududida X–XI asrlarda qayta tiklanganidan dalolat beradi. Shu kabi suratlar avval Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham topilgan bo‘lib, Toshkent vohasida ham mahalliy rassomlik an’anasi mavjud bo‘lganini isbotlaydi.

Ma’lumot uchun, hozirda yodgorlikni «Ochiq osmon ostidagi muzey»ga aylantirish ishlari davom etmoqda. Bir necha hafta avval bu yerdan V–VIII asrlarga oid ibodatxona va jangchi sovuti bo‘laklari ham topilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkent viloyatida X–XI asrga oid devoriy suratlar topildi | Vaqt.uz