
Toshkent viloyatidagi mahallalar soni qisqartirildi
Viloyatda hududiy boshqaruvni takomillashtirish maqsadida mahallalar chegaralari qayta ko‘rib chiqildi.

Toshkent viloyatida mahallalar sonini optimallashtirish ishlari yakunlanib, jami mahallalar soni 142 taga qisqartirildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur masala Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida muhokama qilingan. Sessiyada viloyat hududida maqbullashtirilgan mahallalar chegaralarini tasdiqlash asosiy masalalardan biri sifatida ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilingan.
Optimallashtirish ishlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilgan. Unga asosan, Davlat kadastrlari palatasi hamda Mahallalar uyushmasining Toshkent viloyatidagi boshqarmalari belgilangan tartibda chora-tadbirlarni amalga oshirdi va hududlar kesimida tahlillar o‘tkazgan.
Jarayon doirasida nafaqat mahallalar soni qisqartirilgan, balki 178 ta mahallaning chegaralariga ham o‘zgartirishlar kiritilgan. Bu o‘zgarishlar aholi soni, hududiy yaqinlik va infratuzilma imkoniyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.
Natijada, Toshkent viloyati bo‘yicha jami mavjud mahallalar soni 883 tani tashkil etmoqda. Sessiyada Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi rahbarining ushbu masala yuzasidan taqdim etgan hisoboti eshitilib, deputatlar tomonidan ma’qullangan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, optimallashtirish ishlari mahalliy boshqaruv tizimida aniqlik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.





