Logo

Toshkentda 212 ta bekat hokimlik tasarrufiga o‘tkaziladi

Bugun 21:562 daqiqa

Poytaxtda rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan jamoat transporti bekatlari joylashgan yer maydonlari hokimlik nomiga qayta rasmiylashtiriladi.

Toshkentda 212 ta bekat hokimlik tasarrufiga o‘tkaziladi © Foto: t.me/codd_tashkent

Toshkent shahar hokimligi jamoat transporti bekatlari joylashgan 177 ta hududni doimiy foydalanish huquqi asosida o‘z tasarrufiga oladi. Bu haqdagi qaror 30-iyun kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, ommaviy xatlov natijasida rekonstruksiya qilinishi zarur deb topilgan bekatlar joylashgan yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligi nomiga qayta rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, ushbu hududlardagi mavjud inshootlar ham hokimlik mulkiga o‘tkaziladi.

Umumiy maydoni 8 884 kvadrat metr bo‘lgan 212 ta bekat majmuasi hokimlik tasarrufiga olinadi. Ayrim hududlarda bir nechta rekonstruksiya qilinadigan obyekt mavjud.

Eng ko‘p bekatlar Shayxontohur tumani hissasiga to‘g‘ri keladi — bu yerda 35 ta nuqta hokimlik balansiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, qaror doirasida Yunusobod tumanidagi 26 ta, Chilonzordagi 24 ta va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 22 ta bekat ham qamrab olingan.

Rekonstruksiya qilinadigan bekatlar asosan yirik ko‘chalar va aholi gavjum hududlarida joylashgan. Ular orasida:

●     Chilonzordagi «Ippodrom-2», «Shuhrat» do‘koni va «Xalqlar do‘stligi saroyi» bekatlari;

●     Yunusoboddagi «Yunusobod tumani hokimligi», «Malika bozori», «Gidrometeomarkaz» va «Yunusobod bozori» bekatlari;

●     Yashnoboddagi «Qo‘yliq-3» va «Farg‘ona bozori» bekatlari bor.

Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev zimmasiga yuklatilgan.

Avvalroq 2026 yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Mazkur yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa infratuzilma elementlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi

Teglar

Mavzuga oid