Toshkentda avtobus yo‘lovchilari oqimi 2 millionga yetkaziladi
Toshkent shahrida 2026 yil oxirigacha 16 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilishi rejalashtirilmoqda. Hokimlik yil yakunigacha kunlik yo‘lovchilar oqimini 2 million kishiga yetkazishni maqsad qilgan.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaToshkentda avtobus yo‘lovchilari soni 2 millionga yetkaziladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hozirgi vaqtda poytaxtda 169 ta yo‘nalishda 1900 ta avtobus harakatlanmoqda. Biroq aholi soni va transportga bo‘lgan talab ortib borayotgani sababli mavjud avtobuslar yetarli emas.
“Bugungi kunda kunlik yo‘lovchilar oqimi 1,4 million kishini tashkil etmoqda. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 2 millionga yetkazish salohiyatiga egamiz”, — dedi Baxtiyev.
7-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishgandi. Yig‘ilishda transport tizimini raqamlashtirish, hududiy dispetcherlik markazlarini tashkil etish, naqd pulsiz to‘lovlarni kengaytirish va ushbu tajribani boshqa sohalarga joriy qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, poytaxtda joriy etilgan brutto-shartnoma tizimi samara bergani ta’kidlandi. Endi mazkur tajribani Toshkent shahrini Toshkent viloyati bilan bog‘laydigan avtobus yo‘nalishlarida ham qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Urganchda amal qilayotgan brutto-shartnoma tizimini Xiva shahrida ham joriy etish bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov esa so‘nggi ikki yilda tadbirkorlar tomonidan 245 ta transport vositasi, jumladan 165 ta avtobus va 80 ta mikroavtobus sotib olinganini aytdi.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning bildirishicha, avtobus importchilari uchun utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish imtiyozi uzaytirilgani sababli tadbirkorlar 230 dan ortiq avtobus olib kelish va qo‘shimcha 14 ta yo‘nalish ochishni rejalashtirmoqda.





