add

Toshkentda avtosaroyda avtobus yonib ketdi

Bugun 11:381 daqiqa

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi avtobus saroyida «MAN» rusumli avtobusda yong‘in sodir bo‘ldi. Hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Toshkentda avtosaroyda avtobus yonib ketdi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 5-sonli avtobus saroyi hududida «MAN» rusumli avtobusda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda shahar FVBB matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa 13-yanvar kuni tungi soat 02:16 atrofida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida insonlar hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetmagan.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Tinchlik ko‘chasida joylashgan avtobus saroyida yong‘in haqida xabar kelib tushganidan so‘ng, qutqaruv ekipajlari soat 02:22 da hodisa joyiga yetib borgan. Yong‘in o‘chirish ishlari tezkor tashkil etilgan va soat 02:32–02:40 oralig‘ida alanga to‘liq bartaraf etilgan.

Tekshiruvlar natijasida yong‘in 5-avtobus saroyiga tegishli, 2018 yilda ishlab chiqarilgan «MAN A22 CNG» rusumli avtobusda yuzaga kelgani aniqlangan. Avtobus 101-sonli yo‘nalishda harakat qilgan bo‘lib, kun davomida qatnovlarni to‘liq bajarganidan so‘ng saroy hududiga qo‘yilgan.

Toshshahartransxizmat ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi kunlik texnik ko‘rikdan o‘tgan holda avtobusni soz holatda ekspluatatsiya qilgan. Shundan so‘ng haydovchi «Davron sifatli gaz» MCHJ gaz quyish shaxobchasiga borib, avtobusga gaz quydirgan va soat 23:29 da filial hududiga qaytib kelib avtobusni eshiklarini yopgan holda safga qo‘ygan.

Hozirda yong‘inning aniq kelib chiqish sabablari Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda avtosaroyda avtobus yonib ketdi | Vaqt.uz