Logo

Toshkentda chiqindi qutilari keskin ko‘paytiriladi

Bugun 17:352 daqiqa

Poytaxtda aholi va sayyohlar uchun qulay muhit yaratish maqsadida chiqindi qutilari, zamonaviy hojatxonalar va yashil hududlar ko‘paytiriladi.

Toshkentda chiqindi qutilari keskin ko‘paytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-iyul kuni Toshkent shahri, xususan Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda poytaxtning turistik salohiyati, shahar muhitini yaxshilash va aholi uchun qulay infratuzilma yaratish masalalari muhokama qilindi. Yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurgani qayd etildi.

Ularning aksariyati tarixiy obidalar, istirohat bog‘lari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalar bo‘ylab piyoda sayr qilishni istaydi. Shu bois shaharda qulay yo‘nalishlar, axborot tizimlari va tozalik infratuzilmasini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Shahar qulayligi oshiriladi

Prezident Toshkent azaldan toza, ozoda va «yashil» shahar sifatida e’tirof etib kelinganini ta’kidladi. Shu bilan birga, bugungi kunda ko‘chalar, xiyobonlar va bog‘lardagi tozalik darajasi aholi hamda turistlar talabiga qanchalik javob berishi tahlil qilindi.

Bu masala oddiy infratuzilma emas, balki shahar madaniyati va qadriyati ekani qayd etildi. Mahalla faollari, nuroniylar va jamoatchilik vakillariga aholi o‘rtasida obodonchilik madaniyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, poytaxtda chiqindi qutilari sonini keskin ko‘paytirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Aholi gavjum joylarda tozalikni ta’minlash va shahar muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi.

Hojatxonalar va xaritalar

Yig‘ilishda sayyohlar va sayrga chiqqan aholi uchun jamoat hojatxonalari yetishmasligi ham qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15−20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Bundan tashqari, avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi raqamli xaritalar joriy etiladi. Ular telefonga bepul va qulay yuklab olinadigan shaklda bo‘ladi.

Poytaxtda ta’lim infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham yangi yondashuv taklif qilindi. Maktablarda o‘rinlar sonini oshirish uchun yangi tipdagi binolar qurish rejalashtirilmoqda.

Yangi yashil hududlar

Toshkentda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish ishlari boshlanadi. Ularning 3 tasi Sergeli tumanida — Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida 22 gektar maydonda tashkil qilinadi.

Shuningdek, «Jo‘n» kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 5 kilometr qismi betonlashtirilmoqda. Yil yakunigacha kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘lagi tashkil etish rejalashtirilgan.

Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tgan 16 kilometr qismida ham obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, qo‘shimcha 300 gektarda «yashil belbog‘», piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etiladi.

Teglar

Mavzuga oid