Toshkentda daraxt va gul ekish uchun 1,4 mlrd so‘m ajratildi
Poytaxt hokimining qarori bilan shu maqsadda shaharni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 1 mlrd 437 mln so‘m yo‘naltirildi. Mablag‘ ikki korxona o‘rtasida taqsimlanadi.
© Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiToshkent shahrida daraxt va gul ko‘chatlarni ekish ishlarini amalga oshirish uchun 1,4 mlrd so‘m ajratildi. Bu poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning kecha, 4-iyun kuni qabul qilingan «Toshkent shahri tumanlarida daraxt va gul ko‘chatlarini ekish ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, shu maqsadda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan «Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi» DMga 539 mln so‘m hamda «Uchtepa tumani Obodonlashtirish boshqarmasi» DMga 897 mln so‘m, jami 1 mlrd 437 mln so‘m ajratiladi.
21 gektarlik ko‘chatxona
O‘tgan oyda shahar hokimligi poytaxt ko‘chalari uchun mos daraxtlarni yetishtirish maqsadida 21 gektar hududda ko‘chatxona tashkil etilayotganini ma’lum qilgandi. Hudud zamonaviy avtomatik tomchilatib sug‘orish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, sug‘orishda artezian suvidan foydalanilgan.
Ko‘chatlar ikki yil mobaynida shu hududda parvarish qilinib, keyinchalik Toshkent shahrining turli hududlariga ekiladi. Yashil fondni boyitish uchun Turkiya, Italiya, Germaniya, Gollandiya, Ispaniya, shuningdek Yevropa va Xitoydan turli ko‘chatlar olib kelinmoqda.





