
Toshkentda ichimlik suvi tariflari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin
2023–2025 yillarda hududlarda ichimlik suvi tariflari o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqilmagani sababli elektr energiyasi narxining oshishi ortidan 128,1 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy zarar yuzaga kelgan.

Elektr energiyasi tariflari oshirilganidan so‘ng Toshkent shahrida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar haligacha tasdiqlanmagan. Bu holat poytaxtda suv narxlarini qayta ko‘rib chiqish ehtimolini kuchaytirmoqda. Bu haqda O‘zsuvta’minot ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini muntazam qayta ko‘rib chiqish xizmatlar sifatini yaxshilash, sohani rivojlantirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun zarur hisoblanadi. Amalda tariflar mahsulot tannarxi, tizimni rivojlantirish xarajatlari, xalqaro moliyaviy institutlar oldidagi majburiyatlar, soliqlar va boshqa to‘lovlar asosida shakllantiriladi.
So‘nggi yillarda markazlashgan suv ta’minoti tannarxi bilan amaldagi tariflar o‘rtasidagi farq oshib bormoqda. Bu esa ichimlik suvi tizimini yangilash va texnik jihatdan takomillashtirish jarayonlarini sekinlashtirmoqda. Ayniqsa, abonentlar sonining so‘nggi uch yilda 1 millionga oshgani, suvning katta masofalarga yuqori elektr sarfi talab qiluvchi nasoslar orqali yetkazib berilishi hamda avariyalarni bartaraf etish xarajatlari tannarxga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hozirda 1 kub metr ichimlik suvi tarifi tarkibida eng katta ulush ish haqi xarajatlariga to‘g‘ri keladi — 30 foiz. Elektr energiyasi xarajatlari 19 foizni, amortizatsiya 15 foizni, xorijiy kreditlarni qoplash 9 foizni tashkil etadi. Qolgan qismi ta’mirlash, soliqlar va boshqa xarajatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlanishicha, aholiga yetkazib berilayotgan 1 litr ichimlik suvining o‘rtacha narxi 3,3 so‘mni tashkil etadi. Bu do‘konlarda sotiladigan qadoqlangan suvga nisbatan ming barobar arzon.
Ma’lum qilinishicha, 2023–2025 yillarda hududlarda tariflar o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqilmagani sababli elektr energiyasi narxining oshishi ortidan 128,1 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy zarar yuzaga kelgan. Shu bilan birga, 2025 yil 1-maydan elektr energiyasi tariflari oshganiga qaramay, Toshkent shahri va Jizzax viloyatida suv tariflari hali ham tasdiqlanmagan.





