Toshkentda «Matiz» haydovchisi 912-marta qoidabuzarlik qilgani aniqlandi
Toshkentda yo‘l harakati qoidalarini muntazam ravishda buzib, qarzdorligi 311 million so‘mdan oshgan «Matiz» haydovchisining avtomobili jarima maydonchasiga joylashtirildi.
© Foto: MIBMajburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan chiqarilgan ma’muriy qarorlar asosida ijro hujjatlari yuritilgan. Materiallar MIBning Toshkent shahar boshqarmasi 2-tumanlararo bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan.
Tekshiruvlar davomida qarzdorga tegishli «Matiz» avtomobili bilan 2024 yil aprel oyidan buyon yo‘l harakati qoidalari qo‘pol va tizimli ravishda buzib kelingani ma’lum bo‘ldi. Shu davr ichida haydovchiga nisbatan jami 912 ta ma’muriy jarima rasmiylashtirilgan.
Qoidabuzarliklar natijasida 311 million so‘mdan ortiq qarzdorlik shakllangan. MIB ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi harakat davomida qoidalarga rioya qilmaslikni odatga aylantirgan va belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamagan.
Oqibatda yillar davomida yig‘ilib borgan qarzdorlik sababli avtomobil qidiruvga berilgan. MIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv va majburiy ijro harakatlari davomida ushbu transport vositasi aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, «Matiz» avtomobili 15-may kuni jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Hozirda qarzdorlikni undirish va ijro hujjatlari bo‘yicha tegishli jarayonlar davom etmoqda.





