
Toshkentda Pahlavon Mahmud va Elbek ko‘chalarini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich quriladi
Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 2026 -2028 yillarda 4 bosqichli katta loyiha amalga oshirilishi belgilandi.

2026–2028 yillarda shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkent shahar matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha to‘rt bosqichda amalga oshirilib, asosiy maqsad transport harakatini yengillashtirish, uzellardagi tirbandlikni kamaytirish va jamoat transporti uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.
Birinchi bosqich doirasida Amir Temur shohko‘chasidan Mirobodgacha bo‘lgan Shahrisabz ko‘chasining uch kilometri to‘liq ta’mirlanib, avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etiladi.
Shuningdek, Amir Temur prospektining 11 kilometri yangilanadi, Yangi Sergeli ko‘chasining 5,5 kilometri modernizatsiya qilinadi. Bir nechta yirik yo‘nalishlarda jami 38 kilometr yo‘l ta’mirlanib, barchasida jamoat transporti yo‘laklari barpo etilishi belgilangan.
Ikkinchi bosqichda 16 ta ko‘chaning 36 kilometri rekonstruksiyadan o‘tkaziladi. Bu bosqichning eng muhim nuqtasi sifatida Pahlavon Mahmud ko‘chasini Elbek ko‘chasiga ulaydigan yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘rsatilgan. Yo‘l o‘tkazgich harakat oqimini sezilarli yengillashtirishi kutilmoqda.
Uchinchi bosqichda Yunusobod aylanmasi hududida yerosti avtomobil tunneli barpo etiladi. Shu bilan birga, to‘qqizta ko‘chaning 33 kilometri yangilanib, xavfsizlik to‘siqlari va piyodalar uchun sun’iy notekisliklar o‘rnatiladi.
To‘rtinchi bosqich Kichik halqa avtomobil yo‘lining Ziyolilardan Shota Rustaveligacha bo‘lgan 19 kilometrini to‘liq yangilashni o‘z ichiga oladi. Qo‘shimcha ravishda, 15 ta ko‘chaning 50 kilometri rekonstruksiya qilinib, avtobus yo‘laklari va xavfsizlik infratuzilmasi takomillashtiriladi.





