Toshkentda sun’iy yomg‘ir loyihasi boshlanadi
Toshkentda 2027 yilgacha sun’iy yomg‘ir yog‘dirish orqali havo sifatini yaxshilash rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda atmosfera havosini yaxshilashga qaratilgan yangi tashabbus doirasida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident farmoni qabul qilindi.
Loyiha muddati
Hujjatga muvofiq, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida namlik past bo‘lgan hududlarda maxsus uskunalar o‘rnatilib, sun’iy yomg‘ir chaqirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha 2027 yil 1-oktabrga qadar amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur texnologiyani joriy etish orqali havodagi chang va zararli moddalarni kamaytirish, atmosfera sifatini qisqa muddatda yaxshilash maqsad qilingan. Shu bilan birga, qurg‘oqchilik sharoitida namlikni oshirishga ham erishish rejalashtirilmoqda.
Mas’ul tashkilot
Farmonga asosan, ushbu tashabbusni amalga oshirish Ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va Oliy ta’lim vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Ularga xorijiy tajribani o‘rganib, samarali yechimlarni joriy qilish vazifasi qo‘yilgan.
Sun’iy yomg‘ir texnologiyasi avvalroq 2026 yil davlat dasturiga ham kiritilgan edi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1-martdan boshlab pilot loyihani ishlab chiqish va kamida 3–5 ta amaliy sinov o‘tkazish rejalashtirilgan.
Pilot sinovlar natijasida yog‘ingarchilik hajmini tabiiy holatga nisbatan 10–20 foizga oshirish kutilmoqda. Mutaxassislar bu texnologiyani ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim qadam sifatida baholamoqda.





