Toshkentdagi elektr «zapravka»lar buzilishi yuzasidan deputatlik so‘rovi yuboriladi

Bugun 15:002 daqiqa

Liberal-demokratik partiyasi deputatlari tadbirkorlarga tegishli tashqi reklama vositalari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda yengil konstruksiyali obyektlarni demontaj qilinishi qonuniyligiga izoh talab qilmoqda.

Toshkentdagi elektr «zapravka»lar buzilishi yuzasidan  deputatlik so‘rovi yuboriladi

Toshkentda tadbirkorlarga tegishli tashqi reklama vositalari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda yengil konstruksiyali obyektlarni demontaj qilish holatlari yuzasidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlari tegishli davlat organlariga deputatlik so‘rovi yuborishini ma’lum qildi.

Partiya matbuot xizmatining bildirishicha, so‘rovda davlat idoralaridan amalga oshirilgan harakatlarning qonuniyligi bo‘yicha rasmiy izoh berish talab qilinadi.

Deputatlar Konstitutsiyaning 65-moddasiga tayanib, xususiy mulk daxlsizligi qonun bilan himoya qilinishi va mulkdor sud qarori bo‘lmasdan o‘z mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligini eslatdi.

Shuningdek, agar tadbirkorlar obyektlarni o‘rnatish jarayonida qonunchilikda belgilangan tartibda barcha zarur ruxsatnomalarni olgan bo‘lsa, keyinchalik ularni «noqonuniy» yoki «dizayn-kodga mos emas» degan asos bilan sud qarorisiz buzib tashlash mumkin emasligi ta’kidlandi.

Qonunchilikka muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashish hamda xususiy mulk huquqini buzish holatlari uchun javobgarlik belgilangan. Nizoli vaziyatlar, jumladan “noqonuniy qurilmalar” deb topilgan obyektlar masalasi ham sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim.

Shu munosabat bilan partiya sud qarorisiz majburiy demontaj qilish amaliyotiga chek qo‘yish zarurligini bildirdi. Davlat organlari qarorlari tadbirkorlarga zarar yetkazmasdan, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi kerakligi qayd etildi.

Nega demontaj ishlari olib borilmoqda?

Mazkur masala so‘nggi kunlarda Toshkentda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarining tarmoqdan uzilishi bilan bog‘liq vaziyat ortidan yanada dolzarblashdi. Poytaxt hokimligi tezkor zaryadlash shoxobchalaridan foydalanishda qator qoidabuzarliklar aniqlanganini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, 101 ta quvvatlash stansiyasi vaqtincha o‘chirilgan, 62 tasida esa elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnoma mavjud emasligi aniqlangan. Shunga qaramay, shahar hokimligi biznes bilan huquqiy maydonda konstruktiv hamkorlikka tayyorligini bildirgan.

Biznes-ombudsman ham mazkur holat yuzasidan tadbirkorlar murojaatlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi. Agar asossiz qarorlar yoki xatti-harakatlar aniqlansa, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid