Toshkentdagi kuyindi hidiga shamol sabab bo‘lgan — Ekologiya qo‘mitasi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga ko‘ra, Toshkentda 11-iyul kuni sezilgan kuyindi hidi Ohangarondagi chiqindilar poligonidan chiqqan tutunning shamol yo‘nalishi o‘zgarishi oqibatida poytaxt tomon tarqalishi bilan bog‘liq.
© Ekologiya qo'mitasiEkologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Toshkent shahrining turli hududlarida kuzatilgan kuyindi hidi yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, kun davomida Ohangaron tumanida joylashgan qattiq maishiy chiqindilar poligonidagi ochiq alanga bartaraf etilgan. Biroq chiqindilarning ayrim qatlamlarida ichki tutash jarayoni davom etgani sababli havoga tutun va mayda aerozol zarrachalari chiqishi saqlanib qolgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kunning asosiy qismida poytaxtda shamol deyarli kuzatilmagan. Kechki soat 19:00 atrofida esa shamol yo‘nalishi keskin o‘zgarib, janubi-sharqdan — poligon joylashgan hududdan Toshkent shahri tomon esa boshlagan.
Aynan shu vaqtda havo sifati monitoringi stansiyalari PM₂.₅ va PM₁₀ mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshganini qayd etgan. Shaharning turli hududlarida yashovchi aholi ham tutun va kuyindi hidi sezilganini bildirgan.
Qo‘mitaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, Toshkentda kuzatilgan kuyindi hidi shamol yo‘nalishi va tezligining o‘zgarishi natijasida chiqindilar poligonidan chiqqan tutun hamda mayda zarrachalarning shahar tomon ko‘chishi oqibatida yuzaga kelgan.





