Logo

Toshkentdan Andijon va Termizga tezyurar poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi

Bugun 12:252 daqiqa

O‘zbekistonda temiryo‘l qatnovini modernizatsiya qilish doirasida Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida ham «Jaloliddin Manguberdi» poyezdi harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Toshkentdan Andijon va Termizga tezyurar poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi © uzbekistan railways

O‘zbekiston ushbu ikki yirik yo‘nalishda yuqori tezlikdagi temiryo‘l qatnovini tashkil etish uchun yangi elektropoyezdlar xarid qilish bo‘yicha 10-iyun kuni Janubiy Koreyada muzokara bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov, Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev hamda Koreyaning «Hyundai Rotem» kompaniyasi prezidenti Li Yon Be ishtirok etdi. Tomonlar amaldagi hamkorlik loyihalari va istiqboldagi rejalarni ko‘rib chiqdi.

Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri «O‘zbekiston temir yo‘llari» uchun ishlab chiqarilayotgan «Jaloliddin Manguberdi» nomli yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdni yetkazib berish jarayoni bo‘ldi. Tomonlar loyihaning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumot almashdi.

Yangi poyezdlar xarid qilinadi


Uchrashuv davomida Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish uchun 8 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish loyihasi ham muhokama qilindi.

Xususan, mazkur poyezdlarning texnik xususiyatlari va ularni xarid qilish shartlariga oid texnik talablarni yakuniy kelishish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mutaxassislar fikricha, yuqori tezlikdagi qatnovlarning kengayishi yo‘lovchilar uchun safar vaqtlarini qisqartirish, hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash va iqtisodiy faollikni oshirishga yordam beradi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va «Hyundai Rotem» vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish, yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va temiryo‘l sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid