Logo

Toshkentning qator hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda

Bugun 15:552 daqiqa

«Sveta.Net» ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtning turli tumanlarida elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida o‘nlab murojaatlar qayd etilgan.

Toshkentning qator hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda © iStock/MushroomsArtSeven

15-iyul kuni «Sveta.Net» platformasining onlayn xaritasida Toshkent shahrining turli hududlarida elektr ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar qayd etildi.

Xaritadagi ma’lumotlarga ko‘ra, soat 15:55 holatiga 180 ta elektr uzilishi qayd etilgan. Shundan 110 tasi foydalanuvchilar tomonidan tasdiqlangan, yana 246 ta xabar Telegram-kanal orqali kelib tushgan.

Uzilishlar asosan Yakkasaroy, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor tumanlarida qayd etilgan.

Screenshot 2026-07-15 at 3.56.07 PM

Xaritada qizil belgilar tasdiqlangan avariyalarni, sariq belgilar esa tasdiqlanishi kutilayotgan holatlarni anglatadi.

Hozircha elektr uzilishlarining sabablari hamda ularni bartaraf etish muddati yuzasidan rasmiy izoh e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyul kuni elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi sutkalik rekord qayd etilgani haqida xabar berilgandi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir kunda mamlakat bo‘yicha 284 million kWh elektr energiyasi iste’mol qilingan. Bu ko‘rsatkich 13-iyul kuni o‘rnatilgan yozgi rekord — 278,6 million kWh, shuningdek, 2026 yil 24-yanvarda qayd etilgan qishki maksimal ko‘rsatkich — 283 million kWh'dan ham yuqori bo‘ldi.

Shu bilan birga, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga chiqdi. 14-iyul kuni mamlakatda 287,3 million kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu qishdagi eng yuqori ishlab chiqarish hajmidan 9,7 million kWhyoki 3,49 foizga ko‘pdir.

Energetika vazirligi yuqori yuklama davrida elektr ta’minotini barqaror saqlash maqsadida avariyaviy-tiklash brigadalari kuchaytirilgan tartibda faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid