Toshkentning qaysi tumanlarida ijara narxlari eng qimmat?

Bugun 14:352 daqiqa

Fevral oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi o‘zgarishsiz qolib, bir kvadrat metr uchun taxminan 8,7 dollarni tashkil etdi. Yillik hisobda esa ijara narxlari 8 foizga oshgan.

Toshkentning qaysi tumanlarida ijara narxlari eng qimmat?

Toshkent shahrida uy-joy ijarasi o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Fevral oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun taxminan 8,7 dollarni tashkil etdi. O‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 8,8 dollar edi.

Tahlillarga ko‘ra, poytaxtning markaziy tumanlarida ijara narxlari an’anaviy ravishda yuqori bo‘lib qolmoqda. Jumladan, eng qimmat ijara narxi Mirobod tumanida bo‘lib, o‘rtacha 11,1 dollar bo‘ldi. Shuningdek, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida esa bir kvadrat metr uchun ijara narxi o‘rtacha 11 dollar atrofida shakllandi. Ushbu hududlarda infratuzilmaning rivojlangani va talabning yuqoriligi narxlarga bosim o‘tkazmoqda.

Shahardagi eng arzon ijara narxlar esa Bektemir (6,3 dollar), Sergeli (6,9 dollar) va Uchtepa (7,2 dollar) tumanlarida bo‘ldi.

Markaziy hududlardagi yuqori narxlar aholini nisbatan arzonroq tumanlarga ko‘chishga undamoqda. Bu esa shahar chekka hududlarida ijara bozorining faollashishiga olib kelmoqda. Natijada ayrim tumanlarda o‘sish sur’atlari yanada tezlashgan.

photo_2026-03-17_14-31-45

Tumanlar kesimida qaralganda, eng yuqori o‘sish Yashnobod tumanida kuzatilib, ijara narxlari yil davomida 16 foizga oshgan. Sergeli tumanida 13 foiz, Yunusobodda 12 foiz, Olmazorda 11 foiz va Shayxontohurda 10 foizlik o‘sish qayd etilgan. Bu hududlarda yangi uy-joylar soni ortsa-da, talab hanuz yuqori bo‘lib qolmoqda.

Ijara bozoridagi barqarorlik saqlanayotgan bo‘lsa-da, yillik o‘sish tendensiyasi davom etmoqda. Kelgusi oylarda ham talab yuqori bo‘lishi, bu esa narxlarga bosimni saqlab qolishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid