«Toshturma»ga noqonuniy telefon olib kirish bilan bog‘liq 53 ta holat aniqlandi
IIV rasmiysi Vaqt.uz bilan suhbatda bunday vaziyatlarda advokatlarga qanday choralar ko‘rilishini eslatdi.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan va xalq tilida «Toshturma» deya ataladigan tergov hibsxonasida 2026-yilning dastlabki birinchi yarmida telefonni noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq 53 ta holat aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i polkovnik Azizxon Umarxonov 30-iyul kuni Vaqt.uz jurnalistiga ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha 2300 dan ortiq ana shunday holat aniqlangan. Ayrim vaziyatlarda advokatlar olib kirgan telefonini hibsxonadagi mijoziga tashlab ham ketmoqda.
«O‘zi bilan olib kirgan telefonda gaplashib o‘tiradi, qurilmaning ovozini baland qilib qo‘yadi, hattoki gaplashtirish holatlari ham bor», — deydi u.

U advokat hibsxonaga telefon olib kirish huquqiga egaligi, ammo undan qonunga zid tarzda foydalansa, chora ko‘rilishini eslatdi. Uning aytishicha, bunday vaziyatlarda Advokatlar palatasiga taqdimnoma jo‘natiladi va chorani palata ko‘radi. Hattoki, ularning advokatlik litsenziyasi bekor qilinishi ham mumkin.
«Hujjatlarda telefon deyilgan joyi bor. Ayrimlar ikkita telefon bilan kirmoqchi bo‘ladi. Telefonlar... Bu yerda imlo yoki grammatika bilan bahslashmaylik. Bitta telefon olib kiring. Ikkitami? Unda yo‘q», — dedi mulozim.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga ko‘ra, advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.

IIV rasmiysiga ko‘ra, advokatning himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonada hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlab qolinadi.
Ma’lumot uchun, ilgari (1891-yildan boshlab) bu tergov hibsxonasi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan edi. Uni chor Rossiyasi davrida toshdan qurishgani uchun xalq uni «Toshturma» deb atab kelgan. 2018-yilning yanvar oyida Yunusoboddagi eski binoda sharoitlar talabga javob bermagani uchun u butunlay buzildi. Barcha mahbuslar va xodimlar Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangi qurilgan zamonaviy binoga ko‘chirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshturma»ning yangi binosi qurilishiga 103 milliard so‘mdan oshiq pul sarflanganini ma’lum qilgan edik. Shu bilan birga, u yerda necha kishi saqlanayotgani haqida yozgan edik. Aytilishicha, Zangiotadagi tergov hibsxonasida bir kishi uchun kuniga 120 ming so‘mdan ortiq pul sarflanadi.





