Tramp Kanadaning aksariyat tovarlariga 50 foizlik boj joriy qildi
Qo‘shma Shtatlar rahbarining yangi qarori Shimoliy Amerikada yana bir savdo mojarosini keltirib chiqarishi mumkin.
© White HouseOq uy ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Kanadada ishlab chiqarilgan ayrim tovarlarga, jumladan, sharobdan tortib xokkey tayoqchalari va sementgacha bo‘lgan tovarlarga 50 foizlik boj joriy qildi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu qaror Kanadaning Amerika mahsulotlariga nisbatan «kamsituvchi munosabati»ga javoban qabul qilingan.
«Shu tariqa, prezident Tramp Kanadaning AQSH tovarlariga nisbatan adolatsiz savdo siyosati tufayli amerikalik eksportchilar ko‘rayotgan zararni qoplashga hamda AQSHning asosiy eksport mahsulotlari — avtomobillar, alkogolli ichimliklar va sut mahsulotlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishga harakat qilmoqda», — deyilgan xabarda.
Yangi tariflar energiya mahsulotlari, kaliyli o‘g‘itlar, baliq va muhim minerallarga ta’sir qilmaydi, lekin ilgari Qo‘shma Shtatlar-Meksika-Kanada kelishuvi (USMCA) bo‘yicha tariflardan himoyalangan mahsulotlarga ta’sir qiladi.
«Financial Times» nashri Trampning yangi qarori Shimoliy Amerikada yana bir savdo mojarosini keltirib chiqarishi mumkinligini yozmoqda.
13-iyul kuni Tramp Kanada hukumatini o‘rmonlardagi chiqindilarni tozalamaslikda aybladi. Uning fikricha, bu AQSH hududida havo ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Tramp bu «beparvolik» uchun Kanadadan bojlarni oshirish orqali tovon undirish bilan tahdid qildi.
Yanvar oyi oxirida esa Tramp Kanadani Xitoy bilan savdo bitimi tuzmaslik haqida ogohlantirgandi. U aks holda Kanadadan AQSHga olib kiriladigan barcha mahsulotlarga 100 foizlik boj joriy etilishini aytdi. Shuningdek, Kanada bosh vaziri Mark Karnini kinoya tariqasida «gubernator» deb atagandi.
Tramp prezidentlikning ikkinchi muddati boshidayoq Kanada mahsulotlariga boj joriy qilgandi. Kanada eksportining qariyb 75 foizi AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yil 1-avgustdan Kanada mahsulotlariga umumiy boj 35 foizga oshirildi. Bungacha, 2025-yil martidan boshlab aksariyat mahsulotlarga 25 foizlik boj amal qilib kelayotgandi.





