
Tramp Kubani neft va moliyadan mahrum qilmoqchi
AQSH prezidenti Donald Tramp Kubaga Venesuela orqali kelib kelgan neft va moliyaviy oqimlar to‘liq to‘xtatilishini e’lon qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Kuba Venesueladan olib kelingan neft va moliyaviy resurslardan mahrum qilinganini ma’lum qildi. U Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «Kubaga endilikda neft ham, pul ham kelmaydi — no‘l» deya yozib, Havana hokimiyatini «juda kech bo‘lib qolmasidan oldin kelishuvga borish»ga chaqirdi.
Trampning ta’kidlashicha, Kuba yillar davomida Venesueladan neft va moliyalashtirish olib, evaziga unga «xavfsizlik xizmatlari» ko‘rsatib kelgan. «Bu har doim shunday bitim bo‘lgan», — dedi u. Prezident so‘zlariga ko‘ra, hozir Venesuela AQSHning o‘zi tomonidan himoya qilinyapti va Kubaning bu jarayondagi roli qolmagan.
AQSH prezidenti avvalroq ham «Kuba qulashiga yaqin ko‘rinadi» deya bayonot bergan edi. Uning fikricha, orol davlatida mustaqil daromad manbalari yo‘q, iqtisodiyot deyarli to‘liq venesuelalik neftga bog‘liq bo‘lib qolgan. Shu sababli, Venesuelaga nisbatan olib borilayotgan AQSH siyosati Kubaga ham jiddiy zarba bermoqda.
Kubaga nisbatan ehtimoliy harbiy aralashuv haqidagi savolga javoban Tramp bunday chorani zarur deb hisoblamasligini bildirdi. Uning aytishicha, mamlakatdagi vaziyat harbiy kuch ishlatmasdan ham «ichdan yemirilish» bosqichiga kirgan.
Shu bilan birga, Tramp ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining «kelajakda AQSH davlat kotibi Marko Rubio Kuba prezidenti bo‘lishi mumkin» degan hazilomuz fikrini ma’qullab, «menga yoqdi, juda yaxshi eshitiladi» deb yozdi.
Biroq Reuters manbalariga ko‘ra, AQSH razvedka idoralari Kubadagi iqtisodiy va siyosiy vaziyatni og‘ir deb baholayotgan bo‘lsa-da, orol davlatining yaqin fursatda to‘liq «qulashi» haqida aniq xulosa chiqarmagan. Razvedka hisobotlari Tramp aytgan ssenariyni to‘liq tasdiqlamayotgani qayd etilgan.





