add

Tramp kutayotgan yangi xarid: Grenlandiya AQSHga nega kerak bo‘lib qoldi?

Kecha 22:402 daqiqa

Donald Tramp ma’muriyati grenlandiyaliklarni Daniyadan ajralib chiqish va AQSHga qo‘shilishga ko‘ndirish uchun ularga yirik miqdorda pul taklif qilmoqchi.

Tramp kutayotgan yangi xarid: Grenlandiya AQSHga nega kerak bo‘lib qoldi?

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlar tomonidan sotib olinishi bo‘yicha rasmiy taklif tayyorlash topshirildi. Bu haqda NBC News telekanali Oq uydagi ismi oshkor etilmagan yuqori martabali mulozimga tayanib, xabar berdi.

Jurnalistlarning suhbatdoshi bunday rejani hozirgi vaqtda Donald Tramp uchun eng ustuvor vazifa deb atadi. Agar Amerika rasmiylari prezidentning maqsadiga erishishga muvaffaq bo‘lishsa, ular Daniyaning o‘z-o‘zini boshqaruvchi hududi uchun 700 milliard dollargacha to‘lashlari mumkin.

Telekanalning uchta manbasiga ko‘ra, orol qiymatining aynan shunday bahosini Trampga olimlar va AQSH ma’muriyatining sobiq mulozimlari taqdim etishgan.

«14-yanvar kuni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio Trampning niyatlari va takliflarini yaxshiroq tushunish uchun Vashingtonga maxsus tashrif buyurgan Grenlandiya va Daniya rasmiy shaxslari bilan uchrashuv o‘tkazadi», - deyiladi xabarda.

Avvalroq, Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya AQSHga milliy xavfsizlikni ta’minlash va «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini qurish uchun kerakligini yozgan edi. Shu bilan birga, u Grenlandiyani zabt etish jarayoniga NATO boshchilik qilishini qo‘shimcha qilgan.

Donald Tramp so‘nggi haftalarda AQSHning Grenlandiyaga bo‘lgan da’volarini bir necha bor ta’kidladi. U orolni egallash zaruratini «Grenlandiya atrofida har yerda Rossiya va Xitoy kemalari suzib yurgani» bilan asosladi. Grenlandiya Bosh vaziri kuni kecha, agar orol aholisi AQSH va Daniya o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lsa, ular Daniyani tanlashlarini ma’lum qildi. Bunga javoban Tramp: «Bu ularning muammosi», deb aytdi.

Reuters agentligi manbalarga tayanib yozishicha, Amerika rasmiylari Grenlandiya aholisini Daniyadan ajralib chiqish va AQSHga qo‘shilishga ko‘ndirish uchun ularga 10 ming dollardan 100 ming dollargacha miqdorda bir martalik to‘lovlar ajratish imkoniyatini muhokama qilishgan.

Grenlandiyani sotib olish haqidagi bayonotlar nafaqat hududiy da’vo, balki Arktika boyliklari va logistika yo‘llari ustidan nazorat o‘rnatishga qaratilgan global geosiyosiy o‘yinning bir qismidir. Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, bu zamonaviy tarixdagi eng yirik hududiy oldi-sotdi shartnomasi bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid