Tramp urush qancha davom etishini ma’lum qildi
Oq uy rahbari uch amerikalik harbiyning o‘limini tasdiqlab, mojaro yana qancha muddat davom etishi mumkinligini aytdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron hududida olib borilayotgan harbiy operatsiya taxminan to‘rt hafta yoki undan kam davom etishi mumkinligini ma’lum qildi. U bu haqda «Daily Mail» nashriga bergan intervyusida aytdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya dastlabdan to‘rt haftalik jarayon sifatida rejalashtirilgan
«Bu katta davlat, shuning uchun to‘rt hafta kerak bo‘ladi yoki kamroq», — dedi u.
Tramp shu paytgacha AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar natijasidan hayratlanmaganini, jarayon reja asosida ketayotganini ta’kidladi.
Zarbalar natijasida Eron rahbariyatining katta qismi yo‘q qilingan
«Nazarimda, hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Biz ularning butun rahbariyatini yo‘q qildik, bu biz o‘ylagandan ancha ko‘proq. Taxminan, 48 kishi shekilli»— dedi AQSH rahbari.
Tramp Eron bilan keyingi muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan bo‘lsa-da, ular yaqin vaqt ichida o‘tkazilishi yoki yo‘qligi borasida aniq javob bermadi. Uning ta’kidlashicha, Tehron muzokara istagini bildirgan, ammo bu masala oldinroq ko‘tarilishi kerak edi.
Shuningdek, prezident Kuvaytda 1-mart kuni halok bo‘lgan uch nafar amerikalik harbiy xizmatchi uchun «qasos olish»ga va’da berdi. U Mar-a-Lago qarorgohidan turib so‘zlar ekan, Eronni yangi ultimatum bilan ogohlantirdi va mamlakatni «sivilizatsiyaga qarshi urush» olib borayotgan kuchlar deb atadi.
Tramp Eron rahbariyatini Yaqin Sharqdagi keskinlikni kuchaytirgan harakatlardan voz kechishga chaqirdi
«Bu chidab bo‘lmas tahdidlar endi davom etmaydi. Men Inqilobiy gvardiya korpusi va Eron harbiy politsiyasini yana bir bor qurollarini topshirib, to‘liq daxlsizlikka ega bo‘lishga yoki muqarrar o‘limga yuz tutishga da’vat etaman», dedi prezident.
Shu bilan birga, prezident Eron xalqini hukumatga qarshi qo‘zg‘olonga chaqirib, amerikaliklarni operatsiyani qo‘llab-quvvatlashga undadi. Uning aytishicha, bu harakatlar AQSH va kelajak avlodlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
«Jasur bo‘ling, dadil bo‘ling, qahramonlik ko‘rsating va mamlakatingizni qaytarib oling», dedi u Eron xalqiga.





