Siyosat, qon va shou: Oktagon Kolizeyning yangi tarixiga aylandi
«Non va tomosha» — bu eskirmas formula. Qadimgi Rimda tomoshabinlarni gladiatorlar xushnud etgan bo‘lsa, bugun ularning o‘rnini UFC jangchilari egallagan. Arenalar o‘zgargani bilan mantiq o‘sha-o‘sha: Donald Tramp oktagonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oq uyga olib chiqdi. Qon, shou va siyosat bir joyda to‘qnashib, butun dunyoni go‘yoki yangi Kolizeyga aylantirdi.
© trtrussian.comAQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining 80 yoshlik yubileyini misli ko‘rilmagan tomosha bilan nishonladi: 14-iyun kuni Oq uyda «UFC Freedom 250» turniri bo‘lib o‘tdi. AQSH mustaqilligining yaqinlashib kelayotgan 250 yilligiga bag‘ishlangan ushbu ulkan sport shousi bevosita prezident qarorgohi yonida tashkil etildi.
UFC rahbari Deyna Uayt turnirga tayyorgarlik jarayonlarini izohlar ekan, uni tashkilot tarixidagi «eng aql bovar qilmas va murakkab shou» deb atadi. Media-haftalik ham shu ko‘lamga mos tarzda o‘tdi: tadbirlar Linkoln yodgorligi oldida o‘tkazilgan vazn o‘lchash marosimi bilan boshlandi. Ertasi kuni esa jangchilar soqchilar hamrohligida Oval kabinet orqali, Amerikaning sobiq prezidentlari portretlari yonidan o‘tib, to‘g‘ri qafas sari yo‘l oldi.
Dastlab muxlislarning qiziqishi sohaning eng jarangdor nomlari e’lon qilinishi bilan yanada ortgan edi. Xususan, Maykl Chendler bilan uzoq kutilgan to‘qnashuvni rejalashtirgan Konor Makgregor mazkur tarixiy turnirda jang qilish istagini bildirdi. O‘tgan yili faoliyatini yakunlagan afsonaviy Jon Jons ham shunday muhim voqea uchun qafasga qaytishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, oqshomning asosiy jangiga nomzod sifatida Islom Maxachev va Xamzat Chimayev nomlari ham qizg‘in muhokama qilindi.
Biroq bu shov-shuvli qarama-qarshiliklarning birortasi ham amalga oshmadi. Yakunda kardning asosiy jangi Iliya Topuriya va amerikalik Jastin Geyji o‘rtasidagi chempionlik to‘qnashuvi bo‘ldi. Oqshomning ikkinchi asosiy jangida esa Siril Gan va yaqinda dog‘istonlik yarim og‘ir vazn toifasi vakili Magomed Ankalayevdan revansh olgan Aleks Pereyra o‘zaro to‘qnash keldi.
MMAning bosib o‘tgan yo‘li
Bu yo‘l tekis kechmagan. Bir vaqtlar aralash yakkakurashlar AQSHning 36 ta shtatda taqiqlangan edi. 90-yillarning o‘rtalarida senator Jon Makkeyn endigina rivojlanayotgan MMAni «xo‘roz janglari» deb atagan edi. 2000 yillarning boshlariga kelib esa UFC jar yoqasiga kelib qoldi.
2001 yilda Deyna Uayt aka-uka Frenk va Lorenso Fertittalar bilan birgalikda tashkilotni bor-yo‘g‘i 2 million dollarga sotib oldi. O‘sha vaqti loyihaning kelajagi umuman yo‘qdek tuyulardi: telekanallar bilan shartnomalar yo‘q, tomoshabinlar kam, ustiga-ustak tashkilotning yomon nom chiqargani vaziyatni yanada og‘irlashtirardi. 2004 yilga kelib ular hatto biznesni yopish haqida jiddiy o‘ylay boshladi.
Tub burilish 2005 yilda, «Spike TV» kanali «The Ultimate Fighter» realiti-shousini namoyish etishga rozi bo‘lgach yuz berdi. Birinchi mavsumning o‘ziyoq chinakam xitga aylandi, final jangi esa tarixga kirdi. Shundan so‘ng UFC uchun haqiqiy yuksalish davri boshlandi. Butun boshli mexanizmni ishga tushirib yuborish uchun bittagina muvaffaqiyatli qadam kifoya qilgan edi.
Milliardlab dollarlik shartnomalar imzolandi, arenalar muxlislar bilan liq to‘ldi va yirik mediaxoldinglar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Biroq pul — bu tarixning bir qismi, xolos. Janglar industriyasi asta-sekinlik bilan tor doiradan chiqib, ommaviy madaniyatning bir bo‘lagiga aylandi. 2018 yilda Xabib Nurmagomedov va Konor Makgregor o‘rtasidagi to‘qnashuv barcha rekordlarni yangiladi. Ushbu jang atrofidagi ehtiroslar hanuzgacha tingani yo‘q: tomoshaboplikdan tashqari, jangchilar o‘rtasidagi haqiqiy adovat va muxlislarning ikki qarama-qarshi lagerga bo‘linishi bu bahsni sport tarixining ajralmas qismiga aylantirdi.
Yana bir muhim voqea 2019 yilda yuz berdi — Donald Tramp turnirga tashrif buyurib, oktagon yonidagi birinchi qatordan joy olgan ilk AQSH prezidentiga aylandi. O‘shandan beri u bunday tadbirlarning doimiy mehmoni bo‘lib kelmoqda. Tomoshabinlar orasida Ilon Maskdan tortib Mark Sukerberggacha bo‘lgan boshqa nufuzli shaxslarni ham tez-tez uchratish mumkin edi. Shouning mashhurligi shu darajaga yetdiki, hatto bu ikki texno-magnat o‘rtasidagi ehtimoliy jang ham tarmoqlarda jiddiy muhokama qilindi.
O‘tgan yilning avgust oyida UFC «Paramount» bilan 7,7 milliard dollarlik yetti yillik shartnoma tuzganini e’lon qildi.
Shu tariqa, bir vaqtlar «qoidasiz janglar» deb atalgan shubhali turnir dunyodagi eng qimmat sport tashkilotlaridan biriga aylandi. O‘tgan yozda esa Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligini nishonlash doirasida prezident qarorgohida janglar o‘tkazishni taklif qildi.
Deyna Uaytning o‘zi ochiq maydondagi turnirlarni xushlamasligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ochiq havoda yomg‘ir, jazirama va janglarning borishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa ob-havo sharoitlari kabi juda ko‘p kutilmagan omillar yuzaga keladi. Ammo u bu taklifni rad eta olmasdi. Chunki bu o‘ta kuchli ramziy ma’noga ega loyiha edi. MMA endi shunchaki turnir emas, balki milliy an’ananing bir qismiga aylanib ulgurgandi.
Va nihoyat, 14-iyun kuni ushbu sport turi tom ma’noda AQSHning asosiy siyosiy sahnasiga chiqdi. Manzara haqiqatan ham juda ta’sirli edi: Oq uy va Vashington monumenti fonida qad rostlagan jang qafasi. UFC mashhurligining asosiy siri ham aynan shunda. Ommaviy tomoshabinni kurash texnikasi yoki sportning sofligi unchalik qiziqtirmaydi. Unga yorqin voqealar, ramzlar va his-tuyg‘ular kerak. Tomoshabin yuksalish va pasayishlar, dramalar va afsonalarni xohlaydi. UFC o‘zini ommaviy madaniyatga singdirish orqali insonlarga aynan shu narsalarni bera oldi. Natijada sport, siyosat va shou yana bir butunlikka aylandi.
Bu mantiqni chuqurroq anglash uchun qariyb ikki ming yil ortga — nomi har qanday ulkan arenaning sinonimiga aylanib ulgurgan muhtasham inshoot davriga qaytish kerak.
Kolizey
Kolizey yoki Flaviylar amfiteatri — Qadimgi Rimning eng taniqli inshootlaridan biri. Bugungi kunda u imperiya va uning muhandislik mahorati ramzi sifatida e’tirof etiladi. Ammo qadimda u, birinchi navbatda, ommaviy ko‘ngilochar tomoshalar va siyosiy namoyishlar maskani bo‘lgan.
Arena qurilishi milodiy 70-yillarda boshlangan. Yangi Flaviylar sulolasi uchun mazkur amfiteatr bir yil avval imperiyani qamrab olgan fuqarolar urushi va g‘alayonlardan so‘ng hokimiyatni mustahkamlash vositasiga aylandi. Avval bunyod etilgan vaqtinchalik yog‘och arenalardan farqli o‘laroq, Kolizey mustahkam inshoot edi va tezda tomoshalarning asosiy markaziga aylandi. U o‘n minglab tomoshabinlarni o‘z ichiga sig‘dirar, o‘rindiqlarning taqsimlanishi esa odamlarning ijtimoiy kelib chiqishini qat’iy aks ettirar edi: aslzodalar — alohida, oddiy shaharliklar — alohida.
Bu yerda gladiatorlar jangi asosiy voqea hisoblanardi. Arena hukumat va xalq deyarli to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qiladigan makonga aylangan edi: «o‘yinlar» imperatorga o‘z mashhurligini saqlab qolishga yordam berar, aholini esa siyosiy muammolardan chalg‘itardi. «Non va tomosha» formulasi bexato ishlardi.
Imperiya inqirozga yuz tutishi bilan o‘yinlarga ham barham berildi: gladiatorlar janglari V asr boshlarida to‘xtatildi, yovvoyi hayvonlarni ovlash tomoshalari esa biroz ko‘proq vaqt davom etdi.
Bugungi kunda Kolizey o‘zida mujassam etgan mantiq yo‘qolgani yo‘q — u shunchaki arenasini o‘zgartirdi. Liq to‘la futbol stadioni va jang qafasidan tortib, tomoshabinlar ishtirokidagi tok-shougacha bo‘lgan har qanday zamonaviy ommaviy maydon — Kolizeyning bevosita merosxo‘ridir. Chunki olomon psixologiyasi asrlar davomida o‘zgarmay kelmoqda. Zamonaviy sport tomoshalari bugungi kunda ikki ming yil avvalgi Rim o‘yinlari bajargan o‘sha ijtimoiy-siyosiy vazifani o‘tamoqda.
Biroq tomoshaning ikkinchi — tijorat vazifasi ham bor. Dunyodagi eng qimmat va kreativ reklama roliklari aynan Superboul tanaffuslarida namoyish etilishi bejiz emas. Bu roliklarning ko‘pchiligi allaqachon klassikaga aylangan va biznes maktablaridagi marketing ma’ruzalarida tahlil qilinadi.
Boshqacha qilib aytganda, sport tomoshasi — bu nafaqat o‘yin, balki iste’mol madaniyatining ulkan ko‘rgazmasidir. Kolizey siyosat va pul bilan chambarchas bog‘lanib ketgan ko‘ngilochar industriyaning asl mohiyati bo‘lib qolmoqda.
Tomoshalar jamiyati
Zamonaviy «Kolizey» qonuniyatlari o‘sha-o‘sha, ammo ular o‘n karra kuchaygan: shou odamlarning ko‘nglini ochishi shart. Yuz-ifodalar va his-tuyg‘ular sotilib, pulga aylantirilishi, insonning o‘zi esa tomoshaning bir qismiga aylanishi kerak. Aynan mana shu mantiq pop-MMA va «yutuberlar» janglari fenomenini sahna to‘riga olib chiqdi. Endi ko‘rgazmali janglarda ringga «gladiator» deb atash qiyin bo‘lgan odamlar — blogerlar, xonandalar va shunchaki media olami vakillari chiqmoqda. Mashhurlik va taniqlilik asosiy mezonga aylandi, sportdagi unvonlar esa batamom ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Bugungi kunda ushbu raqamli «Kolizey» nafaqat arenaning o‘zida, balki translyatsiyalar ostidagi izohlar va ijtimoiy tarmoqlarda ham katta shov-shuv ko‘tarmoqda. Internetdagi ana shu jo‘shqin energiya industriyani oldinga yetaklaydi va millionlab odamlarni ekranga mixlab qo‘yadi. Shu sababli ham o‘n minglab tomoshabinlar qariyb 60 yoshli Mayk Taysonning 28 yoshli bloger Jeyk Polga qarshi ringga ko‘tarilishini ko‘rish uchun chiptalarni talashib sotib olishga tayyor.
Odamlar professional sportni jarangdor e’lonlar, memlar va bahs-munozaralar uchun kuzatadi. Ular uchun jangning o‘zi — spektaklning yakuniy nuqtasi, xolos. Mohiyatan, aynan mana shu mantiq ishtirokchilar shunchaki navbatma-navbat bir-birining yuziga tarsaki tushiradigan «Power Slap» kabi ko‘ngilochar shoularning asosiga aylandi. Bu yerda himoya, texnika va strategiyaning keragi yo‘q: ixtiyoriy ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzga zarba beriladi. Ommadan texnikaning nozik jihatlarini tushunish yoki usullarning nomlarini eslab qolish talab etilmaydi. Hammasi oddiy: biri uradi, ikkinchisi yiqiladi. Zarbadan uning afti bujmayib ketsa, yanada yaxshi. Tomoshabinga bor-yo‘g‘i shu kerak.
Hatto usti ochiq mashina ichida, telefon budkasida yoki konteyner tomida janglar uyushtiradigan uchinchi darajali tashkilotlar ham mavjud. Demak, bugungi kunda har qanday joy «Kolizey»ga aylanishi mumkin. Bularning barchasi ommaviy tadbirlarning naqadar ko‘ngilochar tus olganini ko‘rsatadi va ba’zan g‘alati, aqlga sig‘maydigan shouga aylanib ketadi.





