add

Trampning maxsus odamlari Putin bilan gaplashib olish uchun Rossiyaga keldi

02.12.2025 | 21:003994 daqiqa

Stiv Uitkoff bu safar AQSH prezidentining kuyovini ham olib keldi. Mazkur tashrif Uitkoffning joriy yilda Moskvaga qilgan oltinchi safaridir.

Trampning maxsus odamlari Putin bilan gaplashib olish uchun Rossiyaga keldi

AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga tashrif buyurdi. Bundan oldin Floridada Uitkoff, Kushner va AQSH davlat kotibi Marko Rubio Ukraina delegatsiyasi bilan urushni tugatish rejasini muhokama qilgan edi. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy mavzu hududlar masalasi bo‘lgan.

Bu Uitkoffning joriy yilda Moskvaga qilgan oltinchi safari. TASS «Vnukovo» aeroportida Trampning maxsus vakilini Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev kutib olgan.

Ilk bor Uitkoffga Trampning kuyovi Jared Kushner hamrohlik qilmoqda, biroq so‘nggi paytgacha Kushnerning safarda ishtiroki rasman tasdiqlanmagan edi. CNN manbalarga tayanib xabar berishicha, Tramp o‘z kuyovini bitimlarni yakunlash bo‘yicha mutaxassis deb biladi. Bundan tashqari, AQSH prezidenti Kushnerga to‘liq ishonch bildiradi.

Avvalgi safar Uitkoff Moskvaga 6-avgust kuni Trampning «ultimatum»i fonida tashrif buyurgan edi. Tramp Rossiya 8-avgustgacha urushni tugatmasa, oqibatlari bo‘lishi bilan tahdid qilgandi. O‘sha tashrifdan ko‘p o‘tmay, Tramp va Putin Alyaskada uchrashuvni amalga oshirdi.

Trampning Oq uydagi ikkinchi muddatining dastlabki oylarida Uitkoff har oy Moskvaga kelardi, ammo Putin bilan to‘rtinchi uchrashuvdan keyin (25-aprel) Trampning maxsus vakili tashriflari soni keskin kamaydi.

Uitkoffning tashrifi rossiyalik harbiylarning frontdagi muvaffaqiyatlar haqidagi navbatdagi bayonotlari fonida bo‘lib o‘tmoqda.

30-noyabr, yakshanba kuni Rossiya bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov Putin bilan uchrashuvda Rossiya armiyasi Pokrovsk va Volchansk shaharlarini nazorat ostiga olganini aytdi. Bu haqda Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov 1-dekabr, dushanba kuni kechqurun ma’lum qildi.

Avvalroq, 21-noyabr kuni — AQSH tomonidan ishlab chiqilgan «tinchlik rejasi» paydo bo‘lganidan bir necha kun o‘tib, Rossiya Mudofaa vazirligi Donetsk viloyatidagi yana bir muhim shahar — Kupyansk ozod qilingani haqida xabar bergan edi.

Urushni tugatish rejasi haqida nimalar ma’lum?

AQSHning urushni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlari to‘g‘risidagi suhbatlar noyabr oyining o‘rtalarida yana jonlandi. AQSH armiyasi vaziri Den Driskoll 20-noyabr kuni Kiyevda Zelenskiyga «tinchlik rejasi»ni taqdim etdi va xuddi shu kuni ommaviy axborot vositalarida hujjatning to‘liq matni hamda uni tuzishda kimlar qatnashgani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi.

Rejaning dastlabki tahriri 28 ta bandni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular qatorida Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish, NATOning kengayishdan voz kechishi, Qrim va Donbassni amalda Rossiyaga tegishli deb tan olish, tinchlik kelishuvi imzolanganidan so‘ng 100 kun o‘tgach Ukrainada saylovlar o‘tkazish hamda harbiy jinoyatlar uchun to‘liq amnistiya e’lon qilish kabi masalalar mavjud edi.

Shundan so‘ng Jenevada Yevropa rahbarlari, Marko Rubio va Ukraina delegatsiyasi rejani muhokama qilish uchun shoshilinch tarzda to‘plandi. Natijada, OAV manbalariga ko‘ra, reja 28 banddan 19 bandgacha qisqartirildi va Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa dastlabki loyihadan «juda oz narsa qolgani»ni ta’kidladi.

Jenevadagi muzokaralardan keyin Driskoll Abu-Dabida Rossiya delegatsiyasiga qayta ishlangan rejani taqdim etgani haqida bir qancha G‘arb OAVlari xabar berdi.

Keyingi qadam Floridada ukrainaliklar bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘ldi. Biroq Abu-Dabi va Florida orasida Bloomberg Uitkoffning Rossiya prezidenti maslahatchisi Yuriy Ushakov bilan bo‘lgan suhbati yozuvini e’lon qildi. Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, bu suhbat 14-oktabr kuni sodir bo‘lgan. Ushbu suhbatning oshkor etilishi «tinchlik rejasi» aslida Moskva ko‘rsatmasi asosida tuzilganligi haqidagi bahslarni keltirib chiqardi.

«Xullas, o‘rtamizda qolsin, [urushni tugatish uchun] nima kerakligini bilaman: Donetsk va, ehtimol, qayerdadir hududlarni almashtirishdir. Lekin mening fikrimcha, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytish o‘rniga, keling, optimistikroq gaplashaylik, chunki shunday qilsak, kelishuvga erishamiz deb o‘ylayman. Va Yuriy, menimcha, prezident menga kelishuv tuzish uchun harakat qilishga imkon beradi», - degan Uitkoff ushbu suhbat davomida Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra.

Donald Tramp e’lon qilingan suhbatni «muzokaralarning odatiy amaliyoti» deb atadi.

Urush tugashi bo‘yicha rejaning so‘nggi versiyasiga nimalar kiritilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Dushanba kuni Makron bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy tinchlik takliflarining yakuniy varianti hali ham kelishilayotganini ma’lum qildi, ammo «reja yaxshiroq ko‘rinish olayotgani»ni ta’kidladi.

«Ochig‘ini aytaman — hududiy masala eng murakkab masala. Pul va tiklanish masalasi, to‘g‘risini aytsam, yevropalik hamkorlarsiz hal qilish oson emas va qiyin, chunki mablag‘ Yevropada. Menimcha, bu unchalik adolatli emas. Xavfsizlik kafolatlari masalasida esa AQSH va Yevropadan aniq takliflar juda muhim», - dedi Ukraina prezidenti.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari Floridada Ukrainani NATOga qo‘shilishdan voz kechishga majburlamaslik varianti muhokama qilingan. Manbalarning telekanalga xabar berishicha, taqiqni Rossiya, AQSH va alyans o‘zaro kelishib olishi mumkin.

Zelenskiy seshanba kuni Irlandiya bosh vaziri Mixal Martin bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zlab, Jeneva va Floridadagi muzokaralar natijasida rejada 20 ta band qolganini aytdi.

«Men ko‘rgan narsalardan ba’zilarini hali ishlab chiqish kerak», - dedi Ukraina prezidenti.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Putin bilan muzokaralardan so‘ng Uitkoff va Kushner Yevropa davlatlaridan biriga borib, u yerda Zelenskiy bilan uchrashadi va unga Moskvadagi uchrashuv natijalari haqida ma’lumot beradi.

Kreml hozircha urush tugashi bo‘yicha reja tafsilotlarini sharhlashdan tiyilmoqda. Faqat o‘tgan hafta Peskov Moskva amerikaliklardan ushbu rejaning «asosiy parametrlarini» olganini ma’lum qildi. Putin bu hujjat shartnoma loyihasi emas, balki muhokama qilish uchun «masalalar to‘plami» ekanini aytgan edi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt dushanba kuni prezident ma’muriyati Uitkoffning Moskvaga tashrifi oldidan «juda optimistik» kayfiyatda ekanini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid