add

«Trampparast» Boris Jonson AQSHning «Tinchlik rejasi»ni bir pulga qimmatga chiqardi

Bugun 10:304521 Daqiqa

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri AQSHning tinchlik rejasini tanqid qilib, uni Kreml yozib bergandek, deya baholadi.

«Trampparast» Boris Jonson AQSHning «Tinchlik rejasi»ni bir pulga qimmatga chiqardi

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson AQSH prezidenti Donald Tramp taklif qilgan Ukrainadagi tinchlik rejasini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, hujjat «Amerika rahbariyatining layoqatsizligidan» dalolat beradi. Bu haqda u Daily Mail nashrida chop etilgan maqolasida ma’lum qilgan.

Jonsonga ko‘ra, Rossiya 2022 yildan beri davom etayotgan urushda 1 milliondan ortiq harbiysini yo‘qotgan, ammo jang maydonida katta hududlar egallay olmagan. Shu vaziyatda AQSH Ukrainaga «asli Kremlda yozilganday tuyuladigan» tinchlik rejasini taklif qilmoqda, deya ta’kidlaydi siyosatchi.

«Bu kulgili. Reja Ukraina Qurolli Kuchlarini harbiy jihatdan falaj qilishni, Kiyevning NATOga a’zolik harakatlariga Rossiya veto huquqini, hatto xorijiy qo‘shinlarning Ukrainaga kirishiga Moskva nazoratini nazarda tutadi. Ukraina nafaqat Qrim va Donbassni qaytarishga bo‘lgan urinishlaridan voz kechishi, balki ayni damda Rossiya nazorati ostida bo‘lmagan hududlarni ham berishi kerak», — deb yozadi u.

Uning ta’kidlashicha, AQSH hujjati 250 mingga yaqin ukrain tinch aholisi istiqomat qilayotgan hududlarni ham Rossiyaga topshirishni taklif qilmoqda. Jonson ushbu rejani «Ukrainaga xiyonat» deb atadi va bu qarorga ishonish mumkin emasligini aytdi.

E’tiborlisi, u avval Trampni qo‘llab-quvvatlagan siyosatchilardan biri bo‘lgan, biroq bu gal u Tramp pozitsiyasini keskin tanqid qildi.

Teglar

Mavzuga oid

«Trampparast» Boris Jonson AQSHning «Tinchlik rejasi»ni bir pulga qimmatga chiqardi | Vaqt.uz