add

Tuman sabab uchta aeroport faoliyati vaqtincha cheklandi

Bugun 12:355182 daqiqa

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli ayrim reyslar zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi.

Tuman sabab uchta aeroport faoliyati vaqtincha cheklandi

Tuman sababli O‘zbekistonning bir qator hududlarida aviaqatnovlar vaqtincha cheklandi. Xususan, Buxoro, Urganch va Termiz aeroportlarida havo sharoitining keskin yomonlashishi oqibatida tungi va ertalabki bir nechta reyslarni qabul qilish imkoni bo‘lmadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘rish masofasining keskin pasayishi sabab ayrim reyslar xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda zaxira aeroportlariga yo‘naltirilgan. Eng ko‘p reyslar Samarqand va Nukus aeroportlarida qo‘ngan.

Samarqand aeroportiga Moskvadan Buxoroga yo‘nalgan HY9608 reysi soat 3:27 da, Sankt-Peterburgdan Urganchga uchgan HY9638 reysi soat 6:17 da qo‘ndi. Shuningdek, Moskva—Termiz yo‘nalishidagi A47055 reysi soat 6:03 da, Moskva—Buxoro reysi SU1876 esa soat 6:36 da Samarqandda qabul qilindi.

Nukus aeroportiga esa Toshkent—Urganch yo‘nalishidagi C689 reysi soat 10:03 da, HY51 reysi esa soat 10:37 da qo‘ndi. Barcha reyslar havo harakati xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda qabul qilingani qayd etildi.

Bundan tashqari, Istanbuldan Namanganga uchayotgan C6317 reysi parvoz vaqtida yo‘lovchilardan birining sog‘ligi yomonlashgani sababli Samarqand aeroportiga yo‘naltirildi. Ushbu reys mahalliy vaqt bilan soat 5:53 da muvaffaqiyatli qo‘ndi va yo‘lovchiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Urganch aeroportida ham noqulay ob-havo sharoiti tufayli, «Centrum Air» aviakompaniyasining Toshkent - Urganch yo‘nalishidagi C689, shuningdek, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining Toshkent - Urganch yo‘nalishidagi HY51 reyslari ekipajlari Nukusdagi muqobil aerodromga yo‘nalishga qaror qilgan.

Aeroportlar faoliyati ob-havo sharoiti yaxshilanishi bilan bosqichma-bosqich tiklanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 24-dekabr kuni havo harorati +12 daraja iliq bo‘lib, ayrim joylarda tuman tushishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid