
Turk farmkompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda
Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda farmatsevtika yo‘nalishida qo‘shma loyihalar, mahalliy ishlab chiqarish va texnologiyalar transferi masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga turk kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha amaliy muzokaralar boshlandi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Istanbul shahrida Turkiyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari va sohaviy tuzilmalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar Istanbul shahrida O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etildi. Uchrashuvlarda Turkiya palatalar va birjalar ittifoqi hamda turk farmatsevtika sanoatining yirik vakillari ishtirok etdi. Xususan, «Abdi İbrahim İlaç», «Atabay Kimya», «Humanis Sağlık» va «Koçak Farma İlaç ve Kimya» rahbariyati bilan fikr almashildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti va me’yoriy-huquqiy bazaning takomillashtirilishi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, bozorga chiqarish tartib-taomillari hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston farmatsevtika bozorining yuqori o‘sish salohiyati, aholining dori vositalariga bo‘lgan talabining ortib borishi va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlarini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, farmatsevtika klasterlari va erkin iqtisodiy zonalardagi soliq hamda bojxona imtiyozlari turk kompaniyalariga taqdim etildi.
Turkiya tomoni dori vositalarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, klinik tadqiqotlar, sifat nazorati va eksport-import tartiblariga qiziqish bildirdi. Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari turk kompaniyalarining ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishib, GMP standartlari va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha ma’lumot oldi.





