
Turkiya sudi Netanyahuni hibsga olish uchun order berdi
Istanbul prokuraturasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va boshqa 30 dan ortiq amaldorlarni G‘azo urushida «genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar»da ayblab, hibsga olish orderini chiqardi.

Turkiya 7-noyabr kuni Isroilning G‘aza sektoridagi harbiy amaliyotlarini «tizimli ravishda amalga oshirilgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar» deb baholab, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda bir qator yuqori martabali amaldorlarga nisbatan rasmiy hibs orderi berdi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Istanbul shahar prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 37 nafar gumonlanuvchilar ro‘yxatiga mudofaa vaziri Isroil Kats, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va armiya boshlig‘i general-leytenant Eyal Zamir ham kiritilgan.
Prokuratura bayonotida 2023 yil 17 oktabrda Gaza sektoridagi al-Ahli baptistlar kasalxonasiga qilingan havo hujumida 500 nafar odam halok bo‘lgani, 2024 yil 29-fevralda Isroil harbiylari tibbiy jihozlarni ataylab yo‘q qilgani hamda hudud blokada qilinib, gumanitar yordam yetkazishga to‘siq qo‘yilgani qayd etilgan.
Shuningdek, mart oyida Isroil tomonidan bombardimon qilingan Turk–Falastin do‘stlik kasalxonasi ham tilga olingan.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bu qarorni «Erdog‘anning navbatdagi piar nayrangi» deb atadi va «Isroil Turkiyaning bu harakatini nafrat bilan rad etadi», degan bayonot berdi.
Shu bilan birga, Hamas harakati Turkiya qarorini olqishlab, uni «adolat va insonparvarlik qadriyatlariga sadoqat ramzi» sifatida baholadi.
Turkiyaning bu qadami Xalqaro jinoyat sudi Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga qarshi urush jinoyatlari bo‘yicha hibs orderi berganidan deyarli bir yil o‘tib amalga oshdi.
Turkiya shuningdek, o‘tgan yili Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan Xalqaro adliya sudida Isroilga qarshi qo‘zg‘atilgan «genotsid ishi»ga ham qo‘shilgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil oktabridan buyon Gaza urushida kamida 68 875 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 170 mingdan ortiq kishi yaralangan.





