add

Turkiyaga sayohatga borgan oilaning barcha a’zolari ketma-ket vafot etdi

Bugun 10:5520522

Servet va uning rafiqasi Chidem Bo‘chek hamda ularning uch va olti yoshli farzandlarining vafotiga ikki xil sabab taxmin qilinmoqda.

Turkiyaga sayohatga borgan oilaning barcha a’zolari ketma-ket vafot etdi

Turkiyada Germaniyadan kelgan turk-nemis oilasining fojiali o‘limi butun mamlakatni larzaga soldi: 9-noyabr kuni Hamburgdan Istanbulga bir haftaga dam olish uchun kelgan, so‘ngra Afyon-Qarahisardagi bobosini ziyorat qilishni rejalashtirgan er-xotin va ularning ikki farzandi birin-ketin vafot etdi. Sababi hali ham noma’lum.

Dastlabki taxmin — ovqatdan zaharlanish edi. Bir hafta avval oila Istanbulning O‘rtako‘y tumanida ko‘cha sotuvchisidan midiya olib yegan. Keyin esa restoranda mahalliy taom — kokorech va tavuk tantuni buyurtma qilib ovqatlangan.

Shundan so‘ng ular Fatih tumanida mehmonxonaga qaytishdan oldin o‘zlariga rahat-lukum xarid qilishgan. Ko‘p o‘tmay, uch yoshli Masal va olti yoshli Qodirda kuchli qayt qilish boshlandi. Ota-ona — 38 yoshli Servet va 27 yoshli Chidem Bo‘chek — bolalarni shifoxonaga yetkazishga ulgurgan, ammo o‘sha alomatlar tez orada o‘zlarida ham paydo bo‘ldi.

Tibbiy yordamdan keyin ularga shifoxonadan javob berishgan va mehmonxonaga qaytishgan, biroq ertasi kuni yana o‘tkir simptomlar bilan shifoxonaga olib kelingan. Shu yerda bolalar va ona vafot etgan. Ota esa oradan bir kun o‘tib, hayotdan ko‘z yumgan.

Istambul prokuraturasi tergov jarayonlarini boshladi. Shu doirada yetti nafar ko‘cha taomi sotuvchisi qo‘lga olingan, oila ovqatlangan restorandagi mahsulotlar tekshirilmoqda.

Bitta oilaning barcha a’zosi vafot etishida yana boshqa sababni ham taxmin qilishmoqda — hodisa mehmonxonada hasharotlarga qarshi ishlatilgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mehmonxona egasi, bir nechta xodim va sanitariya ishlari bilan shug‘ullangan kompaniya vakillari qo‘lga olingan. Shubha shuki, o‘limga alyuminiy fosfidi — hasharotlarga qarshi qo‘llaniladigan nihoyatda xavfli kimyoviy dori sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. U ventilyatsiya orqali xonaga tarqalgani taxmin qilinmoqda.

Shanba kuni mehmonxonada yashagan yana ikki sayyoh — italiyalik va marokashlik — xuddi shunday alomatlar bilan shifokorga murojaat qilgan. Sud-tibbiyot instituti ishga jalb etildi, marhumlarning jasadlari to‘liq ekspertizadan o‘tmoqda.

Chidemning otasi — Mustafa Chelik, nevaralari kelishi kerak bo‘lgan kishi aybdorlarga eng og‘ir jazo berilishini talab qilmoqda.

Hodisa Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an e’tiboriga ham tushdi. U oilaning o‘lim sabablarini zudlik bilan aniqlashni buyurdi.

Turk matbuoti eslatishicha, alyuminiy fosfidi bilan bog‘liq shunga o‘xshash fojia ikki yil avval Anqarada ham sodir bo‘lgan: o‘sha payt ikki kishi vafot etgan, o‘n uch kishi shifoxonaga yotqizilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkiyaga sayohatga borgan oilaning barcha a’zolari ketma-ket vafot etdi | Vaqt.uz