Logo

«Turonbank» qatorida jami 100 trln so‘mlik davlat aktivlari yil oxirigacha savdoga chiqariladi

Bugun 13:573 daqiqa

O‘zbekistonda xususiylashtirilishi rejalashtirilgan yirik davlat aktivlari ro‘yxati yangilandi. Undan «Turonbank»ning 98,9 foiz, «O‘zekspomarkaz»ning 91,83 foiz va Xalqaro biznes markazining 79,27 foiz ulushlari, shuningdek, sanoat, transport va savdo sohasidagi qator korxonalar o‘rin olgan.

«Turonbank» qatorida jami 100 trln so‘mlik davlat aktivlari yil oxirigacha savdoga chiqariladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2026-yilda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari savdoga chiqarilib, yil yakuniga qadar kamida 14 trillion so‘mlik daromad olinadi. Bu haqda prezidentning 28-avgustdagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-177-son farmonida keltirilgan.

Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi. Ilgari sotilmagan 84 ta aktiv esa boshlang‘ich narxi 1 million so‘m etib belgilanib, qayta auksionga chiqariladi.

Xarid qilish shartlari yengillashtirildi

Davlat aktivlarini xarid qilishda avans to‘lovi 35 foizdan 15 foizgacha tushiriladi. Qolgan summani foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lash imkoniyati yaratiladi. Iyul oyida prezident Mirziyoyev ayni shu tartib joriy qilinishini ilk bor e’lon qilgandi.

Yirik bitimlar uchun ham yangi shartlar belgilanadi. Aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorga 25 foiz chegirma beriladi.

Shuningdek, aktiv qiymatining 35 foizini uch oy ichida to‘lash sharti bilan qolgan summani besh yilgacha, 50 foizini olti oy ichida to‘lash sharti bilan esa yetti yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

Ushbu mexanizmlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansidagi aktivlarni sotishda ham qo‘llanishi mumkin.

Auksionlarda yangi mexanizmlar

Agar aktiv uch oy davomida sotilmasa, uning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi joriy etiladi. Ayrim hollarda «gibrid auksion»dan foydalaniladi. Bunda savdo davomida narxni avval pasaytirish, keyinchalik esa oshirish imkoniyati yaratiladi.

Yer uchastkalarini sotishda esa «tayyor paket» tamoyili joriy qilinadi. Bunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari va zarur ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan tayyorlanadi.

Farmonda yirik davlat oliy ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish hamda ularga xususiy investorlar va moliyaviy vositalarni jalb qilish imkoniyatlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Yil oxirigacha sotuvga chiqariladigan korxonalar

Hujjatga ko‘ra, «Turonbank»ning 98,9 foiz aksiyasini ochiq savdolarga chiqarish rejalashtirilgan. Bankning xususiylashtirishga tayyorlik darajasini hisobga olgan holda va xalqaro konsultantlarning xulosalari asosida bankni xususiylashtirishga tayyorlash Iqtisodiyot va moliya vazirligiga topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida “Turonbank” ning xususiylashtirish jarayonlari 2027-yilga qoldirilib, 2026-yilda birorta davlat banki sotilmasligi ma’lum qilingandi.

100 foiz kapitali davlatga tegishli bo‘lgan «Xalq sug‘urta» sug‘urta kompaniyasini ham to‘liq xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.

Transport sohasida «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi»ning 90 foiz ulushi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» tizimiga kiruvchi «Andijon mexanika zavodi»ning 100 foiz ulushi sotuvga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, quyidagilarni sotish ko‘zda tutilgan:

●     «O‘zekspomarkaz»ning 91,83 foiz;

●     «Xalqaro hamkorlik markazi» («Bodomzor» metro yaqinidagi Xalqaro biznes markazi)ning 79,27 foiz;

●     «KO-UNG CYLINDER»ning 54,76 foiz;

●     «Kor-UNG Investment»ning 50 foiz;

●     «V-GEN BIOPHARMA»ning 50 foiz;

●     «Inno Texnopark»ning 100 foiz;

●     «Ustudy»ning 50 foiz;

●     «O‘ZBEK-TURK TEST MARKAZI»ning 51foiz ulushi.

Xalqaro hamkorlik markazi va «O‘zekspomarkaz» uchun alohida shartlar belgilangan. Ularni xususiylashtirish Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan konsepsiya va sotuv shartlari asosida amalga oshirilishi kerak.

Ro‘yxatga davlatga tegishli bo‘lgan «Trastbank»dagi ulush ham kiritilgan, biroq u 0,001 foizni tashkil etadi. Ushbu paketni alohida baholamasdan, birja kotirovkasi bo‘yicha sotishga ruxsat berilgan.

Bozorlar va yo‘l korxonalari

Xususiylashtirish yo‘l sohasini ham qamrab oladi. «Davlat avtomagistral» unitar korxonasi, shuningdek, avtomobil yo‘llarini qurish, foydalanish va saqlash bo‘yicha bir qator hududiy korxonalardagi aksiyalar va ulushlar paketlarini sotishni rejalashtirmoqda.

Ro‘yxatga ko‘plab savdo obyektlari ham kiritilgan. Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon bozorlari hamda savdo majmualaridagi davlat ulushlarini sotish ko‘zda tutilgan. Ularning ko‘pchiligida davlat nazorat paketiga egalik qiladi.

Teglar

Mavzuga oid

«Turonbank» qatorida jami 100 trln so‘mlik davlat aktivlari yil oxirigacha savdoga chiqariladi | Vaqt.uz