Uchtepa tuman prokuror yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi

27.02.2026 | 13:391 daqiqa

Toshkent shahrida prokuror yordamchisi tadbirkordan ijaraga yer olib berish evaziga 15 ming dollar pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Uchtepa tuman prokuror yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror yordamchisi xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkordan 15 ming AQSH dollari talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, u 2025 yil sentabriga qadar Shayxontohur tumani prokurori yordamchisi lavozimida ishlagan, hozirda esa Uchtepa tumani prokurori yordamchisi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.

U tadbirkorga Shayxontohur tumanida joylashgan ikki uyning yerto‘la qismidagi noturar maydonlarni ijaraga olib berishini va’da qilgan. Bu xizmat uchun 15 ming AQSH dollari talab qilingan.

Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs pul mablag‘ini o‘ziga tegishli avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi. U hodisa joyidan qochishga uringan, biroq ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Javobgarlik

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi — firibgarlik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Fuqarolarga bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid