add

Ukraina aholisi keskin kamaymoqda

Bugun 12:25752 daqiqa

Urush, migratsiya va tug‘ilishning pasayishi Ukrainada demografik inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.

Ukraina aholisi keskin kamaymoqda

Ukraina aholisi 2022 yilda urush boshlanganidan beri 42 milliondan taxminan 36 milliongacha qisqardi. Bu haqda Reuters Ukraina Milliy fanlar akademiyasi Demografiya va ijtimoiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Mutaxassislar hozirgi dinamika saqlansa, 2051 yilga borib aholi 25 millionga tushishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Aholi qisqarishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar ta’sir qilmoqda:

2022 yildan keyin millionlab fuqarolar mamlakatni tark etgan;

Tug‘ilish tarixiy minimumga tushdi;

Urush, turmush sharoitining yomonlashuvi va tibbiy cheklovlar tufayli o‘lim darajasi oshdi;

Aholining katta qismi xorijda qolmoqda va yaqin kelajakda qaytishni rejalashtirmayapti.

Ukraina 2001 yildan buyon rasmiy aholi ro‘yxatini o‘tkazmagani uchun demografik baholar statistik modellar va migratsiya ma’lumotlariga asoslanadi. Shunga qaramay, eng ehtiyotkor prognozi ham aholi yaqin yillarda yana bir necha millionga kamayishini ko‘rsatadi. Bu tendensiya statistik o‘zgarishdan tashqari, iqtisodiyot va ijtimoiy tizimlar uchun jiddiy xavf sanaladi.

Aholi miqdorining pasayishi mehnat resurslarining qisqarishi, soliq tushumlarining kamayishi va ishlovchilar-pensionerlar nisbatidagi muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda. Jamiyatning tez qarishi esa kelgusi o‘n yilliklarda pensiya va ijtimoiy xarajatlarni sezilarli oshirishi kutilmoqda. Agar demografik prognozlar amalga oshsa, Ukraina Yevropadagi eng chuqur aholi pasayishiga duch kelgan davlatlardan biriga aylanishi mumkin.

Ekspertlar davlatga migrantlarni qaytarishni rag‘batlantiruvchi dasturlar, tug‘ilishni ko‘llab-quvvatlovchi choralar va urushdan jabr ko‘rgan hududlarni izchil tiklashga jiddiy e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, qo‘shimcha siyosatlarsiz demografik trayektoriyani to‘xtatish qiyin bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid