add

Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Yevropa va AQSH rejalarining 13 ta farqi

Kecha 21:359893 Daqiqa

Yevropa tomonidan tayyorlangan tinchlik rejasining to‘liq matni e’lon qilindi. Bu hujjat avvalroq The Washington Post nashrida qisqacha ko‘rinishda chop etilgan edi.

Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Yevropa va AQSH rejalarining 13 ta farqi

Reuters agentligining yozishicha, Reja Britaniya, Fransiya va Germaniya tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u AQSHning 28 banddan iborat asosiy rejasiga tayanadi, ammo ba’zi bandlar tahrir qilingan yoki butunlay chiqarib tashlangan.

Ikki reja o‘rtasidagi 13 ta prinsipial farq keltirilgan:

1. NATOni kengaytirmaslik va’dasi olib tashlangan. AQSH rejasida bu band shunday shaklda berilgan: «Rossiya qo‘shni davlatlarga bostirib kirmaydi, NATO esa yanada kengayishdan voz kechadi».

2. Ukraina qurolli kuchlari soni 800 ming nafargacha cheklangan. AQSH rejasida esa 600 ming nafar deb ko‘rsatilgan.

3. Ukrainaga NATOga a’zo bo‘lish imkoniyati qoldirilgan. Yevropa rejasida bu band shunday shaklda ifoda etilgan: «Ukrainaning NATOga qo‘shilishi alyans a’zolarining umumiy kelishuviga bog‘liq, hozir bunday kelishuv mavjud emas». AQSH rejasida esa shunday deyilgan: «Ukraina o‘z Konstitutsiyasida NATOga qo‘shilmaslikni mustahkamlaydi, NATO esa Ukraina kelajakda qabul qilinmasligini o‘z ustavida belgilaydi».

4. Yevropa rejasida «tinchlik vaqtida NATO Ukraina hududiga o‘z qo‘shinlarini joylashtirmasligi» haqida yozilgan (8-band). AQSH rejasida esa shunchaki: «NATO Ukrainada qo‘shin joylashtirmaydi», deyiladi.

5. Ukraina AQSHdan «5-modda aks ettirilgan kafolat» oladi (ya’ni, bir a’zoga hujum boshqalarga ham hujum hisoblanadi). AQSH rejasida esa shunchaki «AQSH kafolati» deb yozilgan.

6. Yevropa rejasida Ukrainaga Moskva va Sankt-Peterburgga hujum qilishga taqiq yo‘q. AQSH rejasida esa bu taqiq 10-bandda bor.

7. Yevropa rejasida «Rossiya bosqichma-bosqich jahon iqtisodiyotiga qayta integratsiya qilinadi», deyiladi (13-band). AQSH rejasida esa «bosqichma-bosqich» degan so‘z yo‘q.

8. Yevropa AQSHning Ukraina tiklanishi bo‘yicha variantidan voz kechgan. Yevropa rejasida shunday deyiladi: «Ukraina to‘liq tiklanadi va Rossiya tomonidan yetkazilgan zarar qoplangungacha muzlatib qo‘yiladigan Rossiya aktivlari hisobidan moliyaviy kompensatsiya oladi». AQSH rejasida esa muzlatilgan aktivlarning taqsimoti mufassal bayon etilgan.

9. Ukraina va Yevropa, shu jumladan AQSH va Rossiya ishtirokidagi guruhga kiradi, bu guruh tinchlik kelishuviga rioya etilishini nazorat qiladi. AQSH hujjatida esa faqat AQSH va Rossiya qayd etilgan.

10. Yevropa rejasida «Ukraina YIning diniy bag‘rikenglik va til ozchiliklarini himoya qilish qoidalarini qabul qiladi». AQSH rejasida esa bu masala aniqroq ifoda etilgan: tomonlar ta’lim dasturlarini o‘zgartirish, irqchilikni yo‘q qilish, OAV va ta’limdagi kamsitish choralaridan voz kechish, hamda «natsistik ideologiya»dan dasturli ravishda voz kechishga majbur bo‘ladi.

11. Yevropa rejasida shunday deyiladi: «Hududlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralar front chizig‘idan boshlanadi». Boshqa tafsilotlar berilmagan. AQSH rejasida esa Qrim, Luhansk va Donetsk de-fakto Rossiyaniki sifatida e’tirof etiladi, Xerson va Zaporojjya oblastlari esa front chizig‘i bo‘yicha «muvvaqat muzlatilgan hududlar»ga aylantiriladi. Shuningdek, Ukraina Donetskning Rossiya tomonidan egallanmagan qismida qo‘shinlarini olib chiqishi ko‘zda tutiladi va bu hudud Rossiyaniki bo‘lgan neytral demilitarizatsiya qilingan bufer zonasi sifatida e’tirof etiladi.

12. Ukrainada saylovlar qaysi vaqtda o‘tishi aniq emas. Yevropa rejasida «tinchlik kelishuvi imzolangandan so‘ng iloji boricha tezroq» deyilgan. AQSH rejasida esa saylovlar 100 kun ichida o‘tishi ko‘zda tutilgan.

13. Yevropa rejasida harbiy jinoyatlar uchun umumiy amnistiya masalasi tilga olinmagan. AQSH rejasida esa bunday amnistiya to‘g‘risida aniq bayon etilgan.

Teglar

Mavzuga oid