Ukrainada urushdan so‘ng mamlakatni to‘liq qayta qurish bo‘yicha inqilobiy reja ishlab chiqildi

Ukraina vayron bo‘lgan infratuzilmani shunchaki tiklash bilan cheklanmoqchi emas. Mamlakat energetikadan tortib shahar muhitigacha bo‘lgan barcha tizimlarni tubdan qayta qurishga va yangicha modelga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ukrainada urushdan so‘ng mamlakatni to‘liq qayta qurish bo‘yicha inqilobiy reja ishlab chiqildi

«Foreign Policy» nashrining yozishicha, Ukrainada me’morlar, muhandislar va faollardan iborat harakat kuchayib bormoqda. Ular mamlakatni urushdan keyingi tiklash jarayonini «avvalgidan ham yaxshiroq qurish» konsepsiyasi asosida amalga oshirishni taklif qilmoqda.

Urbanist Viktor Ryabokinning so‘zlariga ko‘ra, urush oqibatidagi vayronagarchiliklar qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlik, eskirgan uy-joy fondi va sifatli shahar muhitining yetishmasligi kabi azaliy muammolarni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Endilikda mlnlab ko‘chirilgan aholi uchun uy-joylarni qayta tiklash arzon boshpanalar, parklar va qayta tiklanadigan energiyaga asoslangan yangi rivojlanish modeliga aylanishi mumkin.

Yashil energetika va xavfsizlik

Vayron bo‘lgan shaharlarni tiklashda endi oddiy ta’mirlash emas, balki quyosh panellari, issiqlik nasoslari o‘rnatish va binolarning energiya samaradorligini oshirish kabi modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.

Strategiyaning eng muhim elementi — markazlashmagan energetikaga o‘tishdir. Rossiyaning infratuzilmaga bergan zarbalari markazlashgan tizimning naqadar zaif ekanini ko‘rsatdi. Bunga javoban, Ukraina ishdan chiqarish ancha qiyin bo‘lgan tarqoq energiya manbalariga e’tibor qaratmoqda. Masalan, Kiyev yaqinidagi Gorenka qishlog‘idagi shifoxona «Greenpeace» ko‘magida quyosh panellari bilan ta’minlandi va endi u tarmoqdan uzilgan holatda ham avtonom ishlay oladi.

Yevropa Ittifoqi va bahslar

Yevropa Ittifoqi va xalqaro donorlar bunday «yashil tiklanish»ni faol qo‘llab-quvvatlamoqda: ajratiladigan moliyalashtirishning kamida 20 foizi iqlim va ekologik loyihalarga yo‘naltirilishi shart. Hozir maktablarni rekonstruksiya qilishdan tortib, qurilish chiqindilarini qayta ishlashgacha bo‘lgan yuzlab tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Biroq, bu yondashuv jamiyatda muayyan bahslarni ham keltirib chiqarmoqda. Ba’zilar ekologik standartlar tiklanish jarayonini sekinlashtirishidan hamda bozor erkinlashuvi ortidan energiya narxlari oshib ketishidan xavotirda.

Shunga qaramay, Ukraina hukumati 2050-yilga borib qayta tiklanadigan energetika ulushini 80 foizga yetkazishni strategik maqsad qilib belgilagan. Bu tiklanish jarayoni nafaqat qurilish, balki mamlakatning kelajakdagi iqtisodiy va iqlim loyihasiga aylanganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid