«Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 1,4 trln so‘m ajratilmoqda

Bugun 18:542 daqiqa

Investitsiya kompaniyalari 1-oktabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.

«Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 1,4 trln so‘m ajratilmoqda © Фото: ижтимоий тармоқлардан

Bugun, 14-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aholini uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda 56 ta «Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berildi. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda. Lekin 2025-yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan. Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.

Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1-oktabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.

Renovatsiya

Umuman, bu yil hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni topshirish zarurligi qayd etildi. Bunda renovatsiyaga alohida e’tibor qaratish muhim ekani ta’kidlandi. Chunki shahar va shaharchalar eniga kengayib borsa, infratuzilmaga xarajat 4-5 karra oshadi, maktab, bog‘cha, poliklinikaga masofasi uzayadi, minglab gektar ekin yeri qisqaradi.

Masalan, Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqtosh, Ishtixon, Bulung‘ur, Juma, Jomboy kabi shaharchalarda “barak” tipidagi uylar ko‘p. Shu bois, eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida ko‘p qavatli uylar qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, bu yil renovatsiya zonalarida kamida 30 ming kvartirali ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish muhimligi qayd etildi.

Toshkentda birinchi kreativ park

Fevral oyida Prezident Mirziyoyev kreativ iqtisodiyot uchun soliq va boshqa bir qator imtiyozlarni nazarda tutuvchi alohida qarorni imzoladi. Mutasaddilarga mazkur yo‘nalishda arxitektor, loyihachi va urbanistika sohasi uchun birinchi kreativ parkni Toshkent shahrida tashkil qilish topshirildi. Bunday kreativ parklarni hududlarda ham barpo etish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, Toshkentda yangi o‘quv yilidan urbanizatsiya, kadastr va geodeziya sohasida kadrlar tayyorlaydigan, o‘zini o‘zi moliyalashtiruvchi oliygoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda o‘rta bo‘g‘in kadrlari uchun texnikum ham bo‘ladi.

Yig‘ilishda Prezident soha va hududlar rahbarlarining hisobotlarini tingladi. Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.

Teglar

Mavzuga oid

«Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 1,4 trln so‘m ajratilmoqda | Vaqt.uz