
Ukrainaga $800 mln: Tramp AQSHning 2026-yilgi mudofaa budjetini imzoladi
AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-moliyaviy yil uchun mudofaa byudjetini imzoladi, unda harbiy xarajatlar rekord darajaga chiqarilib, Ukrainaga yordam ham nazarda tutilgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp 18-dekabr kuni 2026 moliyaviy yil uchun milliy mudofaani ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Oq uy saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, hujjat shu kundan kuchga kirgan.
S.1071 raqamli ushbu qonun AQSH tarixidagi eng yirik harbiy byudjetlardan birini belgilaydi. Hujjatga muvofiq, 2026 yilda mudofaa sohasi uchun jami 901 mlrd dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar Qurolli kuchlar, harbiy qurilish, shuningdek, Milliy xavfsizlik sohasidagi dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Qonun doirasida Pentagon faoliyati, harbiy infratuzilma, yadro xavfsizligi hamda energetika va tashqi ishlar idoralari orqali amalga oshiriladigan milliy xavfsizlik dasturlari qamrab olingan. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy ta’minotini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.
Hujjatda xalqaro xavfsizlik, savdo siyosati va sud tizimi bilan bog‘liq ayrim sohalarda qo‘shimcha vakolatlar joriy etilishi belgilangan. Bu o‘zgarishlar AQSHning global xavfsizlikdagi rolini mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
Ukrainaga nisbatan esa qonunda alohida modda mavjud. Xususan, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun jami 800 mln dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar 2026 va 2027 yillarda teng taqsimlanib, har biri 400 mln dollardan Initsiativa yordami doirasida sarflanadi. Ushbu dastur AQSHda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘ni Ukraina Qurolli kuchlari uchun xarid qilishni nazarda tutadi.
Qonunning qabul qilinishi Tramp ma’muriyati Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralarni olib borayotgan bir paytda amalga oshirildi. Bu holat Vashingtonning bir vaqtning o‘zida ham diplomatik, ham harbiy yo‘nalishda faoliyat yuritishga urinayotganini ko‘rsatadi.





