«Ular biz istagan barcha narsani beradi» — Tramp Eronni bir soatda yo‘q qilishini aytdi

Bugun 07:552 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar fonida yangi va dahshatli tahdidlar bilan chiqdi. U nima uchun Tehron taslim bo‘lishiga qat’iy ishonmoqda?

«Ular biz istagan barcha narsani beradi» — Tramp Eronni bir soatda yo‘q qilishini aytdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron rasmiylari yana muzokaralar stoliga qaytishini va Vashingtonning barcha talablarini so‘zsiz bajarishini bashorat qilmoqda. Uning fikricha, Tehronda qarshilik ko‘rsatish uchun hech qanday imkoniyat va «qartalar» qolmagan. Bu haqda prezident «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Trampning ta’kidlashicha, u Erondan yorti-yarim yon bosishlarni qabul qilmoqchi emas. «Men talablarning 90 yoki 95 foizi bajarilishini istamayman, menga hammasi kerak. Ular albatta qaytib kelib, biz istagan barcha narsani beradi», deya ishonch bilan ta’kidladi Oq uy rahbari.

Shuningdek, prezident o‘zining avvalroq aytgan va keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan tahdidlarini oqlashga urindi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan «butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi», degan ultimatumi Tehronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga va muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilgan.

Ammo, Pokistonda AQSH va Eron vakillari o‘rtasida deyarli bir sutka davom etgan muzokaralar hech qanday siljishlarsiz va yakuniy kelishuvlarsiz o‘z nihoyasiga yetdi.

Infratuzilmani yo‘q qilish

Muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi fonida Donald Tramp Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlarini yana bir bor keskin takrorladi. U buning uchun arzimas vaqt, ya’ni bor-yo‘g‘i bir soat kifoya qilishini qo‘shimcha qilgan.

«Men Eronni bir kunda yo‘q qilishim mumkin. Bir soat ichida ularning barcha elektr stansiyalarini va energiyasini tortib olaman. Agar buni qilsam, tiklanish uchun o‘n yil kerak bo‘ladi va ular ko‘priklaridan ham ayriladi», — dedi AQSH prezidenti.

Muzokaralarning asl sababi

Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat Eron tomonidan global savdo yo‘li hisoblangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan misli ko‘rilmagan darajada keskinlashib ketgan edi. Bu harakat jahon energiya bozorida jiddiy xavotirlarni va yonilg‘i narxlarining sakrashini keltirib chiqardi.

AQSH bunga javoban harbiy harakatlar boshlashini e’lon qilib, Eronga bo‘g‘ozni ochish uchun qat’iy ultimatum va muddat belgilagandi. Pokistondagi tinchlik muloqotlari aynan shu xavfli keskinlikni pasaytirishga qaratilgan bo‘lsa-da, tomonlar hanuzgacha umumiy murosaga kela olgani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid