
UNICEF va O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha humanitar hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi
12.10.2025 | 17:3749612
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev UNICEF rahbarlari bilan uchrashib, Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning UNICEFning Afg‘onistondagi vakolatxonasi rahbari Tojuddin Oyvali hamda tashkilotning O‘zbekistondagi rahbari Rehina Kastijio bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda tomonlar humanitar va ijtimoiy sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashdagi rolini muhokama qildi.
Tojuddin Oyvali Termizda yaratilgan transport-logistika infratuzilmasini yuksak baholab, UNICEFning O‘zbekiston bilan, xususan «Termiz kargo markazi» orqali humanitar yuklarni shakllantirish va yetkazib berishdagi hamkorligini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
UNICEF vakillari O‘zbekiston rahbariyatiga tashkilot faoliyatiga doimiy ko‘mak va qo‘shni xalqqa bo‘lgan izchil g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Uchrashuvda ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasi barqaror va xavfsiz humanitar yo‘lak sifatida xizmat qilmoqda, u orqali BMT tizimi agentliklari va boshqa xalqaro gumanitar tuzilmalarning yuklari uzluksiz yetkazib berilmoqda.





