
Urgutda hokim yordamchisi va advokat pora bilan qo‘lga tushdi
Samarqand viloyati Urgut tumanida 61 mln so‘mlik kamomad ishini «yopib berish» evaziga pora olgan hokim yordamchisi va advokat ushlangan.

Samarqand viloyati prokuraturasi Urgut tuman tibbiyot birlashmasida aniqlangan 61 million so‘mlik kamomad yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, tumandagi mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi mazkur ishda gumonlanuvchi shaxslarga yordam berish bahonasida pora talab qilgan. U jinoyat ishini «ijobiy hal qilib berish» evaziga 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.
DXX ma’lumotlariga ko‘ra, hokim yordamchisi pullarni mahalliy advokatlik byurosi advokatiga yetkazib berishni rejalashtirgan. Tezkor tadbir davomida ushbu advokat ham 2 500 dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergovda aniqlanishicha, advokat mansabdor tanishlari orqali jinoyat ishini gumonlanuvchi foydasiga tugatishni va’da qilgan. Shu sababli ikki shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora olishda yordamchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hokim yordamchisi ilgari 167-modda, advokat esa 168-modda bilan sudlangan bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ular o‘z xatolaridan xulosa chiqarmaganini ta’kidladi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.





