add

«Uxlayotgan ayiqni uyg‘otmaslik kerak edi» — Lukashenko Ukraina, Rossiya va Qrim haqida

Bugun 08:3810462 daqiqa

Belarus prezidentiga ko‘ra, Ukraina Rossiya timsolidagi «uxlayotgan ayiq»ni uyg‘otib qo‘yib, katta xato qilgan.

«Uxlayotgan ayiqni uyg‘otmaslik kerak edi» — Lukashenko Ukraina, Rossiya va Qrim haqida

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukrainadagi urushning kelib chiqish sabablari haqida gapirdi. U o‘z fikrlarini NewsMax TV telekanaliga bergan intervyusida bayon qildi.

Belarus yetakchisining ta’kidlashicha, 2014 yildan so‘ng, Ukrainaning yangi hukumati ruslarga oid bo‘lgan barcha narsani yo‘q qilish yo‘liga o‘tgan.

«Sizga tajribali siyosatchi sifatida aytyapman: agar uxlayotgan ayiqning yonida yashayotgan bo‘lsangiz, uni uyg‘otmang, yaxshisi til topishish yo‘lini izlang», — dedi u.

Lukashenko jangovar harakatlarning davom etishi Ukraina davlat sifatida yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. «Mening fikrimcha, u dunyo xaritasidan butunlay yo‘qolib qolishi mumkin», — dedi Lukashenko.

Bundan tashqari, Belarus rahbari mojaro davom etsa, eskalatsiya yanada kuchayishi va bu global tus olishi mumkinligini aytdi. Shu munosabat bilan Lukashenko G‘arbni Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berishdan voz kechishga chaqirdi.

Lukashenko, shuningdek, Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin Ukraina mojarosida tinchlikka erishish tarafdori ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham tinchlik o‘rnatilishini xohlaydi, biroq ularning inqirozni hal qilish borasidagi qarashlari turlichadir.

Belarus prezidenti Qrimning kimga tegishli ekani masalasiga ham to‘xtalib, ukrainlar yarim orolni Rossiyaga o‘zlari berib qo‘yganini va u uchun jang qilish niyatida bo‘lmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Ukraina rasmiylari, jumladan Zelenskiy ham Qrim Ukrainaniki ekanini da’vo qilmoqda, biroq 2014 yilda yarim orol uchun «hech kim urushmagan va kurashmagan».

«Bularning hammasi ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi. Ukraina tomonidan birorta ham o‘q uzilmadi. Agar bu sening yering bo‘lsa, nima uchun uni himoya qilmading? Ukrainlar uni shunchaki berib yuborishdi, Rossiyaga qo‘shqo‘llab topshirishdi», — dedi Lukashenko.

Teglar

Mavzuga oid