Logo

«Uztex Group» Chirchiqdagi «Zarofattex»ni qo‘shib olishga ruxsat oldi

Bugun 10:332 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi «Uztex Group»ning yana bir yirik bitimiga ruxsat berdi.

«Uztex Group» Chirchiqdagi «Zarofattex»ni qo‘shib olishga ruxsat oldi © uztexgroup.com

«Uztex Group» MCHJning «Zarofattex» MCHJni qo‘shib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimi Raqobat qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya tomonidan iqtisodiy konsentratsiyaga rozilik berish haqida murojaat taqdim etilgan. Hujjat Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganilib, tovar bozorida raqobat muhitiga ehtimoliy ta’siri tahlil qilingan.

Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim bozorda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha xulosaga kelingan va arizani qanoatlantirish hamda bitimga rozilik berish haqida qaror qabul qilingan.

Kompaniyalar faoliyati

«Uztex Group» trikotaj kiyimlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. «Zarofattex» esa tayyor to‘qimachilik mahsulotlari va paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqaradi.

«Uztex Group»ning ustav fondi 300,56 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning 90 foiz ulushi Janubiy Koreya fuqarosi Kim Chjonga (Kim Jong), qolgan 10 foizi esa Timur G‘aniyevga tegishli.

«Zarofattex» 2022 yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning ustav fondi 1 mln so‘m bo‘lib, yagona ta’sischisi Sherzod Xudayberdiyev, rahbari esa Rashid Karimov hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki kompaniya rasman Chirchiq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, «Zarofattex» uchun ko‘rsatilgan yuridik manzil «Uztex Group» manzili bilan bir xil ekani ochiq ma’lumotlarda qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi «Uztex Group» ta’sischisi Farhod Mamatjonovning «Perfectum» savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi «Rubicon Wireless Communication» kompaniyasining 50 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimini ham ma’qullagan edi.

Teglar

Mavzuga oid

«Uztex Group» Chirchiqdagi «Zarofattex»ni qo‘shib olishga ruxsat oldi | Vaqt.uz